Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya kansleri Olaf Shols 15-sentabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Samarqand shahri aeroportida uni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

германия, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Sholsni Registon maydonida kutib oldi.

Bu Sholsning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi bo‘ladi va unga mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida “katta biznes delegatsiyasi” hamrohlik qiladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston-Germaniya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammitning asosiy tadbirlari Samarqand shahridagi Kongress markazida bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar va ikki mamlakat yetakchilarining ishbilarmonlar bilan uchrashuvi o‘tkazilishi, shuningdek, shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Olaf Shols ilk tashrifini Qozog‘iston va O‘zbekistonga amalga oshirishi Berlin Ukrainadagi urushdan keyin yangi bozorlar, energiya va foydali qazilmalarni qidirayotgani bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, Germaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat O‘zbekiston bilan migratsiya shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Olaf Shols bilan 2023-yilning may oyida Berlinda muzokaralar o‘tkazgandi. Tashrif davomida turli sohalarga oid 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolangan.