Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli va Bobur ko‘chalari kesishmasida joylashgan Pushkin haykali o‘rnatilgan xiyobonda zamonaviy suvtushar bog‘ barpo etiladi. Bu haqda 14-sentabr kuni loyiha taqdimotida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

gastronomik кўча, пuшкин haykali, яккасарой tumani

Koch Construction turk qurilish kompaniyasi mas’uli Bahri Saka bog‘ hududida olib boriladigan ishlar loyihasi bilan tanishtirarkan, 2,5 gektardan iborat mazkur hududdagi haykal, favvora va hamma daraxtlar o‘z joyida qolishini, maydonga qo‘shimcha daraxtlar ekilishini ta’kidladi.

“Toshkentda havo issiq bo‘lishini inobatga olgan holda, loyihani tayyorlash davomida suvli joylarni ko‘proq qilishga ahamiyat qaratdik. Masalan, maydondagi favvoraning atrofiga boshpana (naves) quriladi va bu Pushkin haykaligacha borib, uni o‘rab oladi va yo‘lak tepasi ham boshpanali bo‘ladi. Shuningdek, devor ko‘rinishida suv oqib tushuvchi manzara, ya’ni suvli devor ham qilinadi. Qurilishi rejalashtirilgan bolalar maydonchasida suvli arg‘imchoq ham bo‘ladi. Ushbu arg‘imchoq Toshkentda birinchisi bo‘lib, bolajonlar va ota-onalarga, albatta, yoqadi, deb o‘ylaymiz. Favvoraga ishlatiladigan suv bog‘dagi barcha suvli loyihalarda ham foydalaniladi, aniqrog‘i, suv isrof qilinmaydi”, — dedi Bahri Saka.

gastronomik кўча, пuшкин haykali, яккасарой tumani

Bahri Saka.

Uning qayd etishicha, Pushkin xiyobonidagi yerosti hojatxonasi saqlab qolinadi va ta’mirlanib, zamonaviylashtiriladi. Park ichida nogironligi bo‘lgan shaxslarning qiyinchiliksiz harakatlanishi uchun birorta ham zinapoya qurilmaydi. “O‘ylaymizki, ushbu suvli bog‘ turistlar va mahalliy aholini o‘ziga jalb qilib, ko‘ngilochar maskanga aylanadi”, — deya qo‘imcha qildi u.

Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning so‘zlariga ko‘ra, Shota Rustaveli ko‘chasining 1,8 km masofasi, ya’ni Pushkin bog‘idan Grand Mir mehmonxonasigacha bo‘lgan qismi gastronomik ko‘chaga aylantiriladi.

“Pushkin bog‘i 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi turizm ko‘chasining boshlanishi — bosh markazi bo‘ladi. Bog‘ning bir qismiga avtoturargoh quriladi. Kelgan har bir odam mashinasini qo‘yib, oilasi bilan gastronomik ko‘chada bemalol aylanib, hordiq chiqarishi mumkin. Hududdagi daraxtlarga umuman tegilmaydi: birortasi kesilmaydi ham, ko‘chirilmaydi ham. Ayrimlariga shakl berilishi mumkin, xolos. Lekin ko‘plab qo‘shimcha daraxtlar, albatta, ekiladi”, — dedi hokim.

gastronomik кўча, пuшкин haykali, яккасарой tumani

Nilufar Allabergenova.

Uning aytishicha, Shota Rustaveli ko‘chasining 1,8 km qismini tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan hududga aylantirish maqsadida tuman hokimining tegishli qarori bilan Toshkent shahri hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga 20 milliard so‘m ssuda mablag‘lari o‘tkazib berilgan.

“Mazkur ko‘chadagi mavjud bino va inshootlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, jumladan, qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va hududni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha bosh loyihachi va pudratchi sifatida Dizayn fabrikasi hamda Koch Construction mekanik elektrik MCHJlar tavsiya etildi. Bugungi kunda loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda”, — dedi u.

Hokimning ma’lum qilishicha, hozirda ko‘chaning ikki tomonida jami 154 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda va ularda mingdan ziyod aholi ish bilan band qilingan. Ushbu turizm ko‘chasi 4 ta mahalla (Bog‘saroy, Konstitutsiya, Abdulla Qahhor, Hamid Sulaymonov) hududidan o‘tgan bo‘lib, 18 ming 775 nafar aholi istiqomat qiladi. Bundan tashqari, 70 ga yaqin mehmonxona faoliyat yuritadi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida oyiga o‘rtacha 67 ming sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.

“Shota Rustaveli gastronomik turizm ko‘chasidagi barcha xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tunu kun faoliyat ko‘rsatadi. Unda velosipedlar uchun uzunligi 1,6 kilometr maxsus yo‘lak, 40 dona zamonaviy o‘rindiq, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 10 ta joyda, xususan, hududdagi kesib o‘tuvchi yerosti yo‘laklariga ham maxsus panduslar o‘rnatiladi. Shu bilan birga, 1,5 kilometr maydonda yashil hudud barpo etiladi, avtobuslar uchun mavjud 6 ta bekat to‘liq zamonaviy rekonstruksiya qilinadi. Hojatxonalar va Wi-Fi hududlar ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2 ta chorrahadagi yerosti yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi”, — dedi Nilufar Allabergenova.

Uning qayd etishicha, Shota Rustaveli ko‘chasidagi madaniy meros obyektlari bo‘yicha Madaniy meros agentligiga xat bilan murojaat qilingan. Loyihani amalga oshirish ishlari agentlik xulosasi olinganidan so‘ng boshlanadi.