Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 17-sentabr kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, prezident u yerda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etadi. Sammitda mintaqa mamlakatlarining Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, texnologiyalar, transport-kommunikatsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Markaziy Osiyo — Germaniya” formatidagi birinchi sammit o‘tgan yilning 29-sentabr kuni Berlin shahrida o‘tkazilgan edi.