16-sentabr kuni Toshkent shahridagi Inbazar kiyim do‘konida sotuvchini kaltaklagan qorovul va jarayonni videoga olgan katta menejerga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudida hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Jarayon sudya O. Kaxarov raisligida o‘tdi.

Hujjatga ko‘ra, 13-sentabr kuni sotuvchi yigit do‘kon aravachasini pastga uloqtirib yuborgan, buni ko‘rgan qorovul (B.A., 23 yoshda)ning jahli chiqib, dahanaki janjallashgan. Qorovul sotuvchini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan va uning yuziga tarsaki tushirgan. Voqeaga katta menejer (E.H., 26 yoshda) ham aralashib, u ham sotuvchini so‘kkan va holatni videoga olib, uni do‘konning Telegram`dagi 100 kishilik ishchi guruhiga yuborgan.

Sudda B.A. ishidan afsusda ekani, bunday holatni boshqa sodir etmasligini aytdi. E.H. esa holatni “qolgan xodimlarga o‘rnak bo‘lishi, ular ham shu kabi xatoni takrorlamasligi uchun” videoga olganini bildirdi. Ularning ikkisi ham suddan yengillik berishini so‘radi.

Jabrlanuvchi M.T. o‘z so‘zida o‘zi ishlayotgan korxonaga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytib, ayblanuvchilarga qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.

Sud mazkur ishda B.A. va E.H.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topdi va ularga mos ravishda 7 hamda 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, ular maxsus qabulxonada saqlanganlik uchun 357 ming va 255 ming so‘m to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, xodimi kaltaklangan do‘kon atrofida bir necha kundan beri muhokamalar davom etmoqda. Kompaniya asoschisi zo‘ravonlikni qoralab chiqqandi, ammo uning o‘zi ham bir necha bor kuch ishlatgani va xodimlarga tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlarda esa do‘konni boykot qilishga da’vatlar yangramoqda.

Hozirda do‘kon asoschisi Omadbek Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv ishlari ketmoqda.