15-sentabr kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining beshinchi turida o‘zbekistonlik shaxmatchilar avvalgi uchrashuvdagi mag‘lubiyatidan so‘ng vaziyatni o‘nglab oldi, ayollar terma jamoasi esa ilk mag‘lubiyatga uchradi.

Erkaklar terma jamoasi vakillari birinchi davrada Trinidad va Tobagolik raqiblarini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etishdi. Ikkinchi va uchinchi turda Misr va Xorvatiya terma jamoalariga qarshi ham xuddi shunday hisob qayd etildi. Biroq, to‘rtinchi turda Vetnamga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (1:3).

Beshinchi turda O‘zbekistonga (o‘rtacha reyting — 2690, 4-raqamli) Gaiti, Uels va BAA terma jamoalarini mag‘lub etgan, biroq Ozarbayjonga imkoniyatni boy bergan Moldova terma jamoasi (2542, 34-o‘rin) raqiblik qildi.

Nodirbek Abdusattorov Ivan Skitskoni (partiya), Javohir Sindarov Viorel Bologandanni, Shamsiddin Vohidov esa Viorel Iordekeskuni mag‘lub etdi. Nodirbek Yakubbayev Yegor Lashkin bilan durang o‘ynadi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (reyting — 2176, 34-raqamli) so‘nggi ikki uchrashuvda reytingi yuqoriroq bo‘lgan raqiblar — Vengriya (2320, 14) va Bolgariya (2355, 12) ustidan g‘alaba qozondi. Beshinchi turda ularga turnir favoritlaridan biri bo‘lgan Gruziya terma jamoasi (2462, 2-o‘rin) raqiblik qildi.

Bu safar o‘zbek ayollari kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. 14 yoshli Afruza Hamdamova dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri, 37 yoshli Nana Dzagnidze bilan, Nilufar Yakubbayeva Lela Javaxishvili, Umida Omonova Nino Batsiashvili bilan durang o‘ynadi.

Marjona Malikova hal qiluvchi o‘yinda Bela Xotenashviliga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ayni damda ayollar o‘rtasidagi bor-yo‘g‘i uchta jamoa — Hindiston, Armaniston va Mo‘g‘ulistonda 10 tadan 10 ochko mavjud. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 15-pog‘onaga tushib ketdi, ammo oldinda hali 6 tur bor.

Erkaklar o‘rtasida Hindiston, Xitoy, Vetnam va Vengriya 100 foizlik natija qayd etgan. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 7-o‘ringa ko‘tarildi.

shaxmat, shaxmat olimpiadasi

Oltinchi turda erkaklar terma jamoasi Isroilga, ayollar terma jamoasi Gollandiyaga qarshi bahs olib boradi.

Olimpiada

10-sentabr kuni Budapeshtda shaxmat bo‘yicha ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik jamoaviy musobaqa 45-shaxmat olimpiadasi boshlandi. Turnirda 381 ta jamoa ishtirok etmoqda, ulardan 197 ta jamoa ochiq seksiyada, 184 tasi ayollar chempionatida.

Jamoalar har ikki bo‘limda to‘rt nafar o‘yinchi + bitta zaxira o‘yinchisi bilan birga ishtirok etadi. Musobaqa Shveysariya tizimi bo‘yicha 11 raundda o‘tkaziladi, vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, qo‘shimcha ravishda o‘yin tugashiga 30 daqiqa qo‘shiladi, bunda har bir yurish uchun 30 soniya beriladi.

Musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasidan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubbayev, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov, ayollar terma jamoasidan Afruza Hamdamova, Nilufar Yakubbayeva, Umida Omonova, Marjona Malikova va Nodira Nodirjanovalar ishtirok etmoqda.

Erkaklar terma jamoasi sardori rossiyalik, sobiq jahon chempioni, shaxmatning XXI asr favoritlaridan biri Vladimir Kramnik, ayollar terma jamoasi sardori ham rossiyalik grossmeyster, shaxmat olimpiadasida uch marta g‘olib bo‘lgan Aleksey Dreyevdir.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston shaxmatchilari va ularning raqiblarining ushbu turnirdagi imkoniyatlarini tahlil qilgandi.