Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Olaf Shols 16-sentabr kuni Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

Tadbirda Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi parlament davlat kotibi Mixael Kellner, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms, KNAUF, CLAAS, Mangold Consulting, Gunter Papenburg, Siemens Energy, Linde Group, Aurubis, FALK PORSCHE, Metso, Edison technologies, Ernst Klett, Siemens Healthineers, Herrenknecht, DB Engineering & Consulting, Svevind Energy Group, Rhenus, HMS Bergbau, Textima kabi yetakchi kompaniyalar hamda KfW Development Bank, AKA Bank banklarining rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

Uchrashuvda Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan Sanoat va texnologik sheriklik bo‘yicha qabul qilingan strategik dastur doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgani uchrashuvning asosiy natijasi bo‘lgani ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

“Yashil energetika”, kimyo sanoati, “yashil vodorod” ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasi sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, o‘ta muhim mineral resurslar konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, keyinchalik Germaniya va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda Germaniya kompaniyalarining ishtiroki istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

Energetika, transport-kommunikatsiya, kommunal va turizm infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologiya sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga kirishi qayd etildi.

Uchrashuvda Germaniya biznesining O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligiga e’tibor qaratildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, energetika, kimyo, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik, tibbiyot va boshqa sohalarda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish kerakligi ta’kidlandi.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

“Uchrashuvimizni yangi formatda tashkil etdik. O‘zbekiston tomonidan, asosan, so‘nggi yillarda mustahkam oyoqqa turib olgan va Germaniya biznesining munosib hamkori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

германия, oлаф шoльц, шавкат мирзиёев

Olaf Shols O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, mavjud sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi hamda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda dadil ishtirok etishga chaqirdi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Germaniya kanslerini qabul qilgandi. U yerda Germaniya hukumati rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib bordi. Unda tomonlar migratsiya bitimini imzoladi. Qolaversa, Boshqaruv kadrlarini tayyorlash qo‘shma maktabi ishga tushirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Lufthansa aviakompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida 10 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular orasida migratsiya, muhim foydali qazilmalar, transport, iqlim o‘zgarishi va boshqa sohalarda hamkorlik bitimlari bor.

Shuningdek, Germaniya kansleri O‘zbekistonni “Biz uchun muhim hamkor” deya atadi.