“Boris” bo‘roni tufayli kuchli yomg‘irlar Markaziy Yevropada so‘nggi yigirma yil ichidagi eng kuchli suv toshqinini keltirib chiqardi, deb xabar berdi Reuters.

O‘tgan dam olish kunlari Chexiya va Polsha o‘rtasidagi chegara hududlari eng ko‘p zarar ko‘rdi. Minglab uylarni suv bosdi, ba’zi joylarda ko‘priklarni suv yuvib ketdi.

Avstriya, Polsha, Chexiya va Ruminiyada sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Eng ko‘p qurbonlar Ruminiyada, u yerda 6 kishi halok bo‘lgan.

Quyi Avstriya hukumati mintaqaning barcha hududini “ofat zonasi” deb e’lon qildi. Avstriya poytaxti Vena shahrida jamoat transporti faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda.

Chexiyaning Praga shahridan 230 km uzoqlikda joylashgan Litovel shahrining taxminan 70 foizi suv ostida qolgan. Praganing qoq markazida toshqinga qarshi inshootlar o‘rnatildi. Mamlakat bo‘ylab jami 12 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi.

Polshada tabiiy ofat rejimi joriy etildi. “Vakolatli vazirlar va xizmatlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng men Vazirlar Kengashining tabiiy ofat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmoyishini tayyorlashni topshirdim”, — dedi mamlakat bosh vaziri Donald Tusk.

Vengriya va Slovakiya rasmiylari yaqin kunlarda Dunay daryosining suv sathi rekord darajaga yaqinlashishini kutmoqda. Vengriya Ichki ishlar vaziri Shandor Pinterning aytishicha, 12 ming askar suv toshqiniga tayyor holatda turibdi.