Peru sobiq prezidenti Alberto Fuximori 11-sentabr kuni 86 yoshida vafot etdi. Fuximori mamlakatni 1990−2000-yillar oralig‘ida boshqargan. Uning hukmronligi davri mamlakatda avtoritar rejim o‘rnatilishi, inson huquqlari buzilishi, erkin ommaviy axborot vositalarining sotib olinishi yoki ularga qarshi kurashilishi bilan tarixda qolgan. Ayni vaqtda, u siyosatshunos Daniyel Treysman va iqtisodchi Sergey Guriyev tomonidan yozilgan “Manipulyativ diktatorlar” kitobining asosiy qahramonlaridan biri ham hisoblanadi.

Kitob XXI asrdagi nodemokratik siyosiy rejimlar tuzilishi haqida bo‘lib, eski va yangi diktaturalar haqida to‘plangan ma’lumotlarga tayangan holda, zamonaviy avtokratlarning aksariyati qo‘rquv o‘rniga yolg‘ondan foydalanishi haqida hikoya qiladi. Unda Singapurda Li Kuan Yu, Peruda Alberto Fuximori, Rossiyada Vladimir Putin, Turkiyada Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Vengriyada Viktor Orban kabi XXI asr hamda yaqin tarix avtokratlari SSSRdagi Iosif Stalin yoki Xitoydagi Mao Szedun kabi ommaviy shafqatsiz siyosiy repressiyalarni qo‘llagan o‘tmish diktatorlaridan farqli o‘laroq propaganda, piar, dezinformatsiyadan foydalanishi ko‘rsatilgan.

альбyerто фuхимори, kitobdaн парча, manipulyativ diktatorlar, оаv erkinligi, senzura

“Gazeta.uz” kitobni o‘zbek tiliga o‘girgan va chop etgan “Tirilish” nashriyoti ruxsati bilan undagi bevosita Alberto Fuximoriga bag‘ishlangan parchani taqdim etadi.

Fuximedia

Fuximorining “El Comercio” nashri ofisida yelka qisib, jamoatchilikdan uzr so‘rashi kuzatuvchilarni hayratga solgandi. Ikki kun avval Kongressni tarqatib yuborgan qudratli rahbar endi o‘z aybiga iqror bo‘lib, nizoga barham berishni taklif etayotgandi. Ammo bilishmasdiki, kelgusi yillarda u matbuotni boshqarishning mohir va ayyor yo‘llarini yaratgan holda, davlat rahbari lavozimini uzoq yillar o‘zida saqlab qoladi. Ammo bungacha Fuximori ko‘p ham innovatordek ko‘rinmagan edi.

Maoist qo‘zg‘olonchilar poytaxtga qurolli hujumlar uyushtirayotgan davrda hokimiyat tepasiga kelgan prezident isyonchilarni bostirish uchun generallarga mutlaq erkinlik bergandi. Inson huquqlari faollari uning ma’muriyatini jurnalistlarni o‘ldirgan o‘ng ekstremist jangarilarni ma’nan qo‘llashda ayblagan. Fuximori esa jamoat faollarini terrorizmning “qonuniy qo‘li” deb atar va armiya tanqidchilarini davlatga xoinlikda ayblab, ularga o‘lim jazosi bilan tahdid qilardi.

Yaponiyalik muhojirlar oilasiga mansub Fuximori saylovdagi kutilmagan g‘alabasiga qadar Peru siyosatiga begona, unchalik mashhur bo‘lmagan bir professor edi. Ammo hukumat tepasiga kelgach, Fuximori tizim ichida tajribaga ega mashhur siyosatchi bilan ittifoqdoshga aylandi. Prezident tomonidan Milliy razvedka xizmati rahbari etib tayinlangan Vladimiro Montesinosning qurolli kuchlar, Milliy xavfsizlik xizmati, Amerika razvedkasi va hatto xalqaro narko-kartellar bilan yaqin aloqasi bor edi.

Peruning harbiy akademiyasida tahsil olgan Montesinos keyinchalik harbiy sirlarni AQShga sotgani uchun armiyadan quvilgan edi. Qamoqxonadagi bir necha yildan so‘ng, u kolumbiyalik kokain dilerlarining advokati sifatida yana ko‘rinish beradi. 1992-yilgi “o‘ziga qarshi to‘ntarish” va 2000-yillar orasida hukumat mojarolar ichida qolgan paytda Fuximori va Montesinos juftligi Peru siyosatiga hukmronlik qiladi. Ularning strategiyasi barcha ma’lumotga ega bo‘lish va boshqalar qanday ma’lumot qabul qilayotganini nazorat qilish edi.

Vladimiro Montesinos (fuqarolik kiyimida). Foto: BBC NewsVladimiro Montesinos (fuqarolik kiyimida). Foto: BBC News

“Axborotga bo‘lgan mayl xuddi narkotikka bo‘lgan mayl kabidir. Biz axborot bilan oziqlanamiz”, — degandi Montesinos. “Axborot” deganda milliy razvedka rahbari o‘z agentlari qo‘ng‘iroqlar va kuzatuv kameralaridan yozib olgan qaydlarni nazarda tutayotgan edi. Uning ofisidagi 25 ta ekran Kongress, sud, prezident saroyi va aeroportlardagi vaziyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilib turardi. Hatto siyosiy elita a’zolari boradigan fohishaxonalarga ham Montesinos kuzatuvidagi yashirin kameralar o‘rnatilgan edi.

Ammo bundan-da muhimroq vazifa — davlat va xususiy media orqali tarqatilayotgan axborot oqimini nazorat qilish edi. Bu oqimni “to‘g‘ri” tarafga yo‘naltirish Fuximorining xalq orasidagi mavqei va saylovlardagi g‘alabasiga katta ta’sir qilardi. Mediani nazorat qilish orqali aholining hukumatga bo‘lgan munosabatini nazorat qilish mumkin. Aholi kayfiyatini nazorat qilish siyosatni nazorat qilish demakdir.

Fuximori kabi manipulyativ diktatorlar yaratgan usullar eski, qo‘rquv ustiga qurilgan senzurani tamoman o‘zgartirib yubordi. Klassik diktatorlar keng ko‘lamli qudratga ega bo‘lishni istagan bo‘lsa, yangi usul matbuot erkinligi illyuziyasini yaratgan holda, yashirin tarzda hukumatga yon bosishdan iborat edi. Zamonaviy global iqtisodiyotda, axborotni mutlaq monopoliya qilishga urinish qoloqlik belgisiga aylangan. Ko‘p o‘tmay Fuximori ham shuni anglab yetdiki, axborotni mutlaq monopoliya qilish nafaqat keraksiz, balki maqsadga muvofiq bo‘lmagan harakatdir.

Boshqa tomondan, muxolif media foydali bo‘lishi ham mumkin. Ma’lum darajadagi axborot erkinligi rejim o‘zining xalqini ishontira olish qobiliyatiga nisbatan ko‘ngli to‘qligidan darak beradi. Shuningdek, erkin matbuot G‘arbdagi va mamlakat ichkarisidagi tanqidchilarga rejimni oqlash uchun asos sifatida taqdim etilishi mumkin. Bundan tashqari, media erkinligi aholiga muhim xabarlarni — mahalliy inqiroz yoki kelayotgan xavflarni — tezlik bilan yetkazishda qo‘l keladi.

Rejim legitimligi so‘roq ostiga olinganida,. mustaqil media hukumat haqida ijobiy axborot tarqatishda ham yordam berishi mumkin. Fuximori uyushtirgan to‘ntarish vaqti peruliklar orasida uni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p ekani haqidagi xabarlar uning ba’zi tanqidchilari fikrini o‘zgartirgan edi. Bu xabarlar muxolifat nashrlari orqali tarqatilsa, yanada ishonarli chiqardi.

Fuximorining asosiy ergashuvchilari qishloqlar va shahar tashqarisidagi hududlardan edi. Ularga axborot ulashish uchun prezident televideniye va gazetalarni nazorat qilishi kerak edi. Ushbu ijtimoiy quyi qatlamdan tashqari Peruning oliy ta’limga ega, “g‘arblashgan” yuqori sinfi ham bor edi. 1990-yilda Peruda voyaga yetganlarning 14 foizigina oliy ma’lumotga ega edi… Fuximori aynan oliy ma’lumotlilar uning xalq orasidagi mashhurligiga raxna solishidan xavotirda edi.

Lekin bu guruhning “El Comercio”, “La Republica” va “Caretas” kabi kichik nashrlari Fuximoriga nisbatan ishonchsizlik oqimini yuzaga keltirishi ehtimoldan uzoq edi. Aksar peruliklar nazaridan chetda bo‘lgan bu nashrlar Fuximori rejimiga deyarli tahdid solmagan. Montesinos esa ular haqida shunday degandi: “Nega „El Comercio“ haqida qayg‘urishim kerak? Ularning 80 mingtalik tiraji bor. 80 ming — hech nima degani emas”.

Boshqa manipulyativ diktatorlar ham o‘z “El Comercio”lariga ega. Masalan, Putin Rossiyasida liberal qadriyatli “Novaya gazeta” gazetasi va “Dojd” telekanali bor edi. Rossiya hukumati ikkisiga ham bosim o‘tkazar, ammo hech qachon faoliyatini to‘xtatishga majbur qilmasdi. “Ularning maqsadi bizni yo‘q qilish emas, balki zaif holda saqlab qolish edi. Bizga bosimlar uyushtirishardi”, — deya ta’kidlaydi “Dojd” ta’sischisi Nataliya Sindeyeva.

Venesuelada Ugo Chaves ham strategik qaror qabul qilgan holda muxolif telekanallarni saqlab qolgan. “Qanday qilib matbuot erkinligi yo‘q deyish mumkin? “Globalvision”ga bir nazar soling, ular har kuni menga nisbatan hujum uyushtiradi”, — degandi u. Malayziyada ham ingliz va xitoy tillarida yuritiladigan OAVlarga aholining aksari muloqot qiluvchi malay tilidagi nashrlardan ko‘ra ko‘proq erkinlik berilgan edi.

Fuximori asos solgan senzura usulining sezilmas ta’sirlari bor edi. “Yomon” g‘oyalarni senzura qilish o‘rniga Peru rahbari axborot iste’molchilariga sezdirmagan holda uning talqinini o‘zgartirardi. Ochiqdan-ochiq senzura qilishga urinish hukumat nimanidir yashirishga urinayotganini fosh qilib qo‘yadi va o‘sha yashirilgan axborotni odamlar tomonidan qidirilishiga olib keladi. Biror ma’lumotni berkitishga urinish uning yanada keng tarqalishiga hissa qo‘shadi. Fanda bu holatga “Streyzand samarasi (effekti)” deb nom berilgan.

Amerikalik bir qo‘shiqchi Malibu shahridagi uyining rasmlarini noqonuniy ravishda e’lon qilayotgan veb-sayt faoliyatini to‘xtatishga harakat qilib, uning ustidan sudga shikoyat qiladi. Internetda boshlangan munozara bu saytning yanada ommalashib, avval unchalik mashhur bo‘lmagan bu saytga minglab odamlar tashrif buyurishiga sabab bo‘ldi. Bu fenomen haqida afrikalik yozuvchi Jon Maksvell Kutzeye shunday degandi: “Bugun bosimga uchragan kitob ertaga ikki baravar ko‘proq e’tiborga sazovor bo‘ladi. Bugun zo‘ravonlikka uchragan yozuvchi ertaga zo‘ravonlikka uchragani uchun mashhur bo‘ladi”.

Ommaviy repressiya qahramonlarni yaratganidek, ommaviy senzura ham qiziqishni uyg‘otadi. Shuningdek, tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar senzura qilingan ma’lumotlarga ishonishga ko‘proq moyil. Buni payqagan Fuximori media nashrlari egalarini o‘z tomoniga og‘dirishga ahd qiladi. 1990-yillarda Perudagi eng asosiy 7 telekanaldan 6 tasiga xususiy tadbirkorlar egalik qilgan. Montesinos ularning har biriga pora berib, senzura joriy qilishga ko‘ndirgan.

Rasman mustaqil bo‘lgani bois bu telekanallar odamlar ko‘z oldida xolis manba sifatida saqlanib qolavergan. Ayni paytda bu kanallarning kreativ faoliyati, iqtidorli yozuvchi va prodyuserlaridan Fuximori tuzumi foydalangan. 2000-yillarga kelib Montesinos telekanallarga rejim faoliyatini ijobiy tarzda yoritayotgani uchun oyiga 3 mln dollardan ziyod pul to‘lardi.

Bularning bari rasmiy, ammo davlat siri hisoblangan hujjatlarda ko‘rsatilgan va telekanallarning boshliqlari tomonidan imzolangan edi. Telekanallarning rahbarlari har kuni peshinda Montesinos bilan uchrashib, kechki xabarlar rejasini maslahatlashardi. 2000-yilgi prezident saylovi yaqinlashavergani sari narxlar ham oshavergan.

Telekanal rahbarlari o‘z ulushlarini olish uchun Montesinosning ofisida birin-ketin ko‘rinish berar va bir uyum naqd pulni jomadoniga solib, chiqib ketardi. Bu korrupsion operatsiyani mayda tafsilotlarigacha bilishimizga sabab shuki, butun jarayon Montesinos yashirincha olgan videoyozuvlarda saqlanib qolgan. Ana shunday telekanallardan biri — “America Television” saylovdan avvalgi ikki yilda hukumatdan 23 mln dollar pul olgan.

Bu pullar evaziga Montesinos Perudagi axborot oqimini boshqarish qudratiga ega bo‘lar, jurnalistik surishtiruvlar to‘xtatilar va mashhur jurnalistlar “jilovlanar” edi. Ayni vaqtda, mamlakatda so‘z erkinligi bordek taassurotni saqlab qolish uchun Montesinos telekompaniyalardan biri — “Shannel 5”ga muxolifat nomzodlarini teledasturlarga taklif qilishga ruxsat bergan. Ammo ularni namoyish qilish cheklangan edi.

Naqd pul ko‘rinishida pora berishdan tashqari Montesinos mediani boshqa turdagi rag‘batlantirishlar orqali ham nazorat qilgan. Masalan, hukumat faoliyatini ijobiy tarzda yoritish evaziga tegishli OAV soliqlardan ozod etilar yoki hukumat tomonidan hali rasman e’lon qilinmagan xabarlarni birinchilardan bo‘lib olardi. Shuningdek, sud ishlarida OAV foydasiga qaror chiqishini ta’minlash, bankdan kredit ajratish va shunga o‘xshash moliyaviy yordamlar evaziga ham razvedka rahbari Perudagi sarlavhalarni nazorat qilardi. Hatto bir safar Montesinos telekanallardan biri mavzuni o‘rganishga yordam berishi uchun ular uchun maxfiy politsiya guruhini tayinlagan.

Hukumat bilan imzolagan shartnomalari sabab OAV huquqiy to‘siqlarsiz faoliyat yuritgan. O‘z navbatida, hukumat Perudagi eng katta reklama beruvchiga aylangan va sodiq media-kompaniyalarga millionlab dollar pul to‘lardi. Bundan tashqari, hukumat xususiy kompaniyalarni rejimga xayrixoh bo‘lgan medialarga reklama berishga undardi.

Bosma nashrlar ham Montesinosning nazaridan chetda qolmagan. Razvedka rahbari elita orasida ommabop bo‘lgan nashrlarga raqobatchi sifatida shov-shuvli xabarlar chop etuvchi sariq nashrlar — Chicha gazetalari (Chicha Press)ga ham asos solgan edi, bunday nashrlar Lima ko‘chalaridagi dag‘al madaniyatni aks ettirardi.

Vladimiro Montesinos va Alberto Fuximori. Foto: El MundoVladimiro Montesinos va Alberto Fuximori. Foto: El Mundo

Muqovasida prezident haqidagi “El Chino” (“Xitoylik odam” — vaholanki, Fuximorining ajdodlari yaponiyalik edi) va “El Chato” (“Pakana”) kabi sarlavhalar jinoyat joylaridan olingan suratlar va yarimyalang‘och ayollarning tasvirlari bilan yonma-yon turadigan jurnal va gazetalar Lima kioskalarini to‘ldirib turar edi.

Ba’zida senzura propagandaga ham aylanib ketardi. Saylov kampaniyalari vaqti Montesinos nashrlarni mutlaq o‘z nazoratiga olardi. Muqova uchun 3000 dollar, agar karikatura ham qo‘shilsa, undan sal ko‘proq pul to‘lanardi.

Har oqshom razvedka xodimlari shifrlangan faks orqali keyingi kunning “buyurtmalari”ni nashrlarga yuborardi. Ba’zi hollarda sarlavhalarini Montesinosning shaxsan o‘zi yozar, so‘ng jurnalistlar oldindan tayyorlangan sarlavha uchun materiallar qidirib topardi.

Bu usul kashshoflari sifatida Peruning manipulyativ juftligi — Fuximori va Montesinos — “olqishlansa” ham, boshqa manipulyativ diktatorlar ham media baronlarni hukumat tarafiga og‘dirish yo‘lidan yurgan. Venesuelada Ugo Chaves 2003—2008-yillar oralig‘ida hukumatning reklama budjetini uch barobarga oshirgan va deyarli barcha buyurtmalarni hukumatga sodiq firmalarga yo‘naltirilgan.

Vengriya rahbari Viktor Orban esa hukumatining reklama budjetini to‘rt barobarga oshirgan holda yiliga 300 mln dollarga yetkazgan. Bu vaziyatda ham budjetning yirik qismi hukumatga sadoqat ko‘rsatgan OAVlarga sarflangan. Evaziga bu OAVlar hukumatdagi korrupsiyani kamroq yoritgan…

Rossiyada 2006-yili liberal jurnalist Anna Politkovskayaning yollanma qotillar tomonidan o‘ldirilishi Putin ma’muriyatining tanqidlar yomg‘iri ostida qolishiga sabab bo‘lgandi. Murakkab va sirli kechgan sudda olti kishi qotillikda aybdor deb topilgan, ammo qotillikka buyurtma bergan shaxs aniqlanmagan.

Germaniyaning “Süddeutsche Zeitung” gazetasiga bergan intervyusida Putin qotillikni qoralagan, ammo marhum jurnalistning Rossiya mediasidagi ta’sir kuchi “arzimas” darajada bo‘lganini qo‘shimcha qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Politkovskayaning o‘limi Putin hukumatiga uning maqolalaridan ko‘ra ko‘proq zarar keltirgan edi”. Putinning marhum jurnalist haqidagi bu gaplari o‘ta sovuqqon munosabat sifatida qoralangandi. Lekin Putin mazkur izohi orqali manipulyativ diktatorlar zehniyatidagi bir haqiqatni beixtiyor namoyish etgan.

Ular jurnalistlarga zo‘ravonlik qilish samarasiz ekanligini juda yaxshi tushunadi. Jurnalistlarga qarshi qatag‘on diktatorning xalq ko‘zidagi “sevimli rahbar imidji”ga kichik nashrlardagi tanqidiy maqolalardan ko‘ra ko‘proq zarar beradi…

Mediaga bosim ishlatishdan boshqa chora qolmaganida, Fuximori kabi manipulyativ diktatorlar OAVga qilayotgan bosimini yashirishga urinadi. Bunday vaqtlarda avtokratlarga normativ bosimlar va biznes hiylalar qo‘l keladi.

1997-yil Perudagi yirik OAVlardan birining egasi hisoblangan Baruch Ivcher prezidentga qarshi chiqadi. Uning “Channel 2” nomli telekanali Montesinos va razvedka xizmati haqida sirlarni oshkor qilgandi. Ivcherning talqiniga ko‘ra, Montesinos dastlab uni pora berish yo‘li bilan to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Kanalning yangiliklar dasturi uchun Montesinos taklif qilgan 19 mln dollarni rad etgach, Ivcher razvedka xizmati rahbari uyushtirgan “qonuniy” bosimlarga duch kelgan.

Asli kelib chiqishi isroillik Ivcher bu voqealardan bir necha yil avval Peru fuqaroligini olgan edi. Montesinos hukumatdagi qudratidan foydalanib, uni Peru fuqaroligidan mahrum qiladi. Peru qonunlariga ko‘ra, faqat Peru fuqarolarigina telekanal egasi bo‘lishi mumkin. Shu bois sud Ivcherning ulushlarini hukumatga sodiq media-magnatlarga qayta taqsimlab beradi.

Shunday muammoga to‘qnash kelgan klassik diktatorlar odatda zo‘ravonlikka murojaat qilgan bo‘lardi. Ammo Montesinos ulardan farqli. Ivcherga qarshi o‘lim tahdidlarini qo‘llashni tavsiya qilgan xodimlaridan biriga javoban u shunday degan: “Pinochet nega muammolarga duch kelganini yodda tuting. Biz u kabi xatoga yo‘l qo‘ymaymiz. Keyin, birovni o‘limga buyurishdan maqsad nima? Ahmoqlik-ku bu!”

Aslida razvedka rahbari biroz qon to‘kishga ham unchalik qarshi emasdi… Ammo Ivcher bilan bog‘liq ayni vaziyatda zo‘ravonlik ishlatish rejim va o‘zi uchun yomon oqibatlarga olib kelishini u juda yaxshi bilardi.

Uning qonuniy hiylasi ham hukumat uchun qimmatga tushgan. Lima shahrida Ivcher tarafdorlari ommaviy namoyishlar uyushtirgan bo‘lsa, katolik cherkovi Ivcherning fuqarolikdan mahrum qilinishini “noqonuniy va xavfli voqea” deb atagan. AQSh Kongressi va Amerikalararo Inson huquqlari sudi ham Peru sudi chiqargan qarorni qoralagan.

Boshqa mamlakatlarda ham manipulyativ diktatorlar mediani o‘ziga og‘dirishni eplay olmaganida ularga nisbatan turli bosimlarni qo‘llaydi. Rossiyada “NTV” teletarmog‘i 1999/2000-yilgi saylov kampaniyasi vaqtida Putin va uning partiyasini jiddiy tanqid qilgan. Prezidentlikka saylangach, Rossiya rahbari telekanal egasini hibsga olib, uni o‘z ulushlarini “Gazprom”ga sotishga majbur qilgan. Xuddi shunday zo‘ravonlik yo‘li bilan Putin bir boshqa oligarxning davlat telekanalidagi ulushlarini “tiklab” bergandi. Yakunda “Gazprom”ning barcha media ulushlari Putinning eski do‘sti Yuriy Kovalchukning hisobiga o‘tkazilgan.

2016-yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Kovalchukning media saltanati qiymati 2,2 mlrd dollar edi. 1999−2000-yillarda Putinni tanqid qilgan “NTV” esa hozir prezident raqiblari haqidagi tanqidiy hujjatli filmlari bilan mashhur. Vengriyada mediani nazorat qilish vazifasi bosh vazir Viktor Orbanning eski do‘stlaridan biri Lorins Mesaroshga yuklatilgan. “Forbes”ga ko‘ra, sobiq payvandchi Mesarosh 1,3 mlrd qiymatdagi boylikka ega. U moliyaviy muvaffaqiyatiga “Xudo, omad va Viktor Orban sababchi” deb biladi.

Mesarosh va yana ikki katta biznesmen 2016−2017-yillarda Vengriyadagi 18 ta hududiy gazetalarning barini sotib olgan. Mesaroshga tegishli kompaniya mamlakatdagi eng yirik muxolif media — “Nepszabadsag”ni sotib olib, yopib yuborgan. Singapurda ham “Singapore Press Holdings” (SPH) mamlakatdagi deyarli barcha gazetalarga egalik qilardi…

Klassik diktatorlar zaif ko‘rinishdan qochish uchun har bir tanqidni senzura qilishga majbur edi. Lekin manipulyativ diktatorlar ma’lum darajada mustaqil media nashrlariga imkon berish va axborot erkinligi mavjud degan illyuziyani yaratish orqali bu tuzoqni chetlab o‘tadi. Cheklangan miqdordagi tanqidlarga bardosh berish ularni kuchliroq qilib ko‘rsatadi.

Toki aholining katta qismi rahbarni qo‘llab-quvvatlar ekan, diktatorlar kichik tirajli muxolif nashrlariga ruxsat berishi mumkin. Lekin kichik mustaqil nashrlarga ruxsat berish ularga erkinlik berish, degani emas. Peruda Montesinos muxolif media kompaniyalarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan ham shug‘ullanardi. Uning muxolif mediaga qarshi qo‘llagan usullari boshqa diktatorlar tomonidan ham o‘zlashtirilgan.

Ana shunday usullardan biri — jurnalistlarni haqorat va tuhmatda ayblab, sudga berish edi. Bu yo‘l bilan rejim o‘z qurbonlarini murakkab sud jarayonlariga va katta miqdordagi jarimalarga ko‘mib yuboradi. Ba’zi hollarda jurnalistlar jinoiy javobgarlikka tortilib, hatto qisqa muddatga ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin. Misol uchun, Montesinosning prezident Fuximoriga ta’sir o‘tkazishini ta’kidlab, uni “Rasputin”ga taqqoslagani uchun razvedka rahbari “Caretas” jurnali muharririni sudga beradi. Sud muharrirga bir yil qamoq jazosi (keyinchalik bekor qilingan) tayinlab, da’vogarning 40 ming dollarlik ma’naviy zararni qoplash talabini ham qondirgan.

Ekvador sobiq rahbari Rafael Korrea esa uni “diktaktor” deb atagani uchun “El Universo” nashrining to‘rt jurnalistini sudga bergan. 24 soatdan kamroq davom etgan sud jarayonidan so‘ng sud ayblanuvchilarni uch yilga ozodlikdan mahrum qilish, gazetani esa 40 ming dollar jarimaga solish haqida qaror chiqargan. Singapurda ham Li Kuan Yu o‘z tanqidchilarini tuhmat va haqoratda ayblab sudga berardi. Bir tahlilchi aytganidek, “mediani pora berish va bo‘ysunmaganida qonuniy jazolash bilan senzura qilish odati avvalgi zo‘ravonlik bilan qo‘rqitishdan ancha samarador edi”.

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham o‘nlab jurnalistlarni haqoratda ayblab sudga bergan. Hokimiyat tepasiga kelganidan keyingi ikki yil ichida Erdo‘g‘an 21 ta sud ishi orqali jami 440 ming dollar ma’naviy zarar undirgan. Putin rahbarligidagi Rossiyada ham har yili ochiladigan minglab da’vo arizalarining ko‘pi jurnalistlarga qarshi holatlar sirasiga kiradi.

Shuningdek, manipulyativ diktatorlar tanqidchi OAVlarga qonuniy cheklovlar va tartibga soluvchi jarimalar bilan ham bosim o‘tkazadi. Venesuelada Ugo Chavesning tergovchilari “Globalvision” telekanalini ayblovlarga ko‘mib tashlagan edi. Ularning talqiniga ko‘ra, telekanal soliqlarni to‘lamagan (jarima — 4,2 mln dollar), “xalq orasida qo‘rquv yuzaga keltirgan” (qamoqxonadagi isyonni yoritgani uchun jarima — 2,1 mln dollar) va “vahima uyg‘otgan” (yer silkinishi haqida xabar bergani uchun) 72 soatlik taqiq bilan tahdid etilgan edi. Shuningdek, telekanal prezidenti esa narxlarni manipulyatsiya qilish maqsadida o‘z uyida qonunga xilof ravishda 24 ta “Toyota” avtomobilini saqlaganlikda ayblangan…

Jarimalardan tashqari diktatorlar rahbarlik qilayotgan davlatlarning hukumatlari nashrlarni ularning tirajini cheklash orqali jazolaydi. Bunda butunlay taqiq qo‘yishdan tiyilish orqali hukumatlar senzura ayblovidan qutilish imkoniga ega bo‘ladi. “Time”, “Asian Wall Street Journal” va “Far Eastern Economic Review” nashrlari hukumatni tanqid qilganidan so‘ng, Singapurda bu gazetalarning tiraji cheklanib, har bir nashrning savdosi 80 foizga qisqargan edi. Bu holat kompaniyalarning reklamadan keladigan daromadini ham sezilarli kamaytirgan.

Ammo nashrlar faoliyati butunlay to‘xtamagani sababli, Li Kuan Yu: “Gazetalar bizni: „Ular maqolalarimiz xalq tomonidan o‘qilishidan qo‘rqadi“, deb ayblay olmaydi”, — degan edi. Tartibga soluvchi cheklovlar xalqqa odatda o‘rinli maqsadlar uchun qilingan qaror sifatida taqdim etiladi. Misol uchun, Rossiya hukumati o‘z fuqarolarini pedofillar va terrorchilardan himoya qilish uchungina internet-kontentlarni filtrdan o‘tkazishini ta’kidlab keladi.

Oligarxlarning matbuot ustidan nazoratini zaiflashtirish uchun Korrea Ekvador konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritib, banklarni mediaga egalik qilish huquqidan mahrum etgan. Monopoliyaning oldini olish maqsadida u media egalarini boshqa turdagi bizneslarda ulushdor bo‘lishini ma’n etgan. Shu bois “El Universo” nashri o‘zining yuqori daromad keltiruvchi sayyohlik agentliklarini sotishga majbur bo‘lgan.

Albatta, bu kross-subsidiyalar (bir guruh iste’molchilar uchun narxni tushirish maqsadida boshqa guruh iste’molchilar uchun narxlarni sun’iy ravishda oshirish amaliyoti)ning oldini olgan. Bu kabi misollar bir muhim xulosaga olib keladi: diktatorlar qudratni monopoliya qilishlari uchun doim ham noqonuniy yo‘llardan foydalanishi shart emas. Ba’zida qonuniy yo‘llarni o‘z foydangga qo‘llay bilishning o‘zi yetarli.

Haqorat va tuhmat uchun jazolovchi qonunlar, sud qudrati, favqulodda vakolatlar, okruglarni qayta belgilash, saylovchilarni ro‘yxatga olish, mediani tartibga soluvchi qonunlar — bularning barchasi demokratiyani himoya qilishi va rivojlantirishi ham, noto‘g‘ri qo‘llarga tushganda esa zaiflashtirishi ham mumkin. Avtoritar rahbarlarga qarshi kurashish uchun nafaqat yaxshi ishlab chiqilgan qonunlar va nazorat qila oladigan, birlasha oladigan va qarshilik ko‘rsata oladigan fuqarolik jamiyati, balki faol va jo‘shqin ziyolilar qatlami ham kerak.

Yashirin usullardan yana biri — hukumat sabotajlarini erkin bozor operatsiyasi sifatida taqdim etish. Rossiyaning “Dojd” telekanali Kremlning jahlini chiqargach, ularning xususiy provayderlari kutilmaganda shartnomalarni bekor qilgan holda kanalning translyatsiya qilish imkoniyatini yo‘q qilgan edi. Bu holat “Dojd”ning 80 foiz tomoshabinlarini kanaldan uzgan va telekanal efirni faqat internetda amalga oshirishga majbur bo‘lgan edi.

Nazarboyev Qozog‘istonida muxolifat gazetalari fosh etuvchi materiallarni chop etmoqchi bo‘lganida bexosdan qog‘oz yetishmovchiligi yuz berardi. Ammo jurnalistlar shunchaki badiiy maqola yoki kitoblar nashr qilishni istaganida, qog‘oz yetishmovchiligi birdan barham topardi. Venesuelada ham qog‘oz yetishmovchiligi senzura vazifasini bajarar edi. 2003-yilda nashriyotlarning chop etish dastgohlari va siyoh importini cheklash maqsadida Ugo Chaves valyuta nazoratini joriy qilgandi. 2007-yilda ba’zi nashrlar sahifalarni qisqartirish, hattoki butun boshli sonlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Bu kabi yetishmovchiliklar asosan hukumatni tanqid qiluvchi nashriyotlarga o‘z ta’sirini o‘tkazardi. Ammo siyosiy cheklovlar “texnik muammolar qog‘ozi”ga o‘ralgan edi. Bundan tashqari, manipulyativ diktatorlar medialarning efirlarini cheklash orqali axborot oqimini sekinlashtirishga harakat qiladi. Buning bir yo‘li — senzurani texnik zo‘riqish yoki, siyosatshunos Margaret Robertsning ta’biri bilan aytganda, “friksiya” sifatida ko‘rsatishdir. Agar efirning bloklanishida texnologiyani ayblash mumkin bo‘lsa, hukumat tanqidlardan xoli bo‘ladi.

Roberts Xitoyda internet senzurachilari qanday qilib ma’lum veb-saytlar ishlashini sun’iy ravishda sekinlashtirishi haqida tadqiqot qilgan. Lekin friksiya internetdan avvalgi davrda ham diktatorlar tomonidan amalga oshirilgan. Perudagi 2000-yilgi prezidentlik saylovi davrida bir telekanal bir guruh fuqarolar Fuximorini haqorat qilayotgani aks etgan lavhalarni efirga uzatgan. Ammo bexosdan kanalning translyatsiyasi “texnik muammolar” sabab uzilib qolgan.

Tanqidiy axborotni yo‘q qilishning yana bir yo‘li — uning manbasini obro‘sizlantirishdir. Agar o‘quvchilarni xabarga nisbatan ishonmaslikka unday olsang, uni senzura qilishning hojati yo‘q. Montesinos sariq Chicha gazetalaridan muxolif jurnalistlarni obro‘sizlantirishda foydalangan. Sariq nashrlar jurnalistlarning jinsi, irqi va tashqi ko‘rinishini kamsituvchi haqoratlar bilan to‘lib-toshgan edi. Ularga qarata “aqli kalta”, “shayton”, “maxfiy terrorist”, “yollanma provokator”, “kommunist”, “xoin” va “quturgan hayvon” kabi jumlalar ishlatilardi. Bu kabi gap-so‘zlar “ko‘cha madaniyati”ga mansub kambag‘al, ammo ko‘pchilikni tashkil etuvchi peruliklarga “yaxshi yetib borardi”.

Montesinos jurnalistlarni haqorat qilish uchun kichik gazetalardan foydalangan bo‘lsa, boshqa rahbarlar buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiravergan. Masalan, Ekvador diktatori Rafael Korrea tanqidchi muxbirlarni “qalamli qotillar”, “katta feyk”, “to‘ng‘iz”, “professional haqoratchi” va “bank xodimi” (oligarxiya tomonidan boshqarilgan mamlakatda bu so‘z ham haqoratga aylangan edi) deb atagan edi. Chaves esa jurnalistlarni “oq yoqali terroristlar”, bir OAV rahbarini esa “zambarakli tentak” deb atagan edi.

Xalq e’tiborini boshqa tomonga burib yuborish — yana bir boshqa taktika. Muhim vaziyatlarda fuqarolarni chalg‘itish uchun Montesinosning agentlari gazeta va televideniye uchun sensatsion mavzular o‘ylab topardi. Razvedka xizmati agentlari “Haqiqiy ko‘zyosh to‘kuvchi Maryamning haykali”, “Iso Masihning arvohi”, “Chekka qishloqlarda odamlar yuragiga qo‘rquv solayotgan maxluq” kabi aql bovar qilmas soxta xabarlarni tarqatish bilan shug‘ullanardi.

Ugo Chaves ham mavzuni o‘zgartirish bo‘yicha ustasi farang edi. Siyosiy inqirozlar vaqtida Chaves o‘zining g‘ayrioddiy so‘zlari bilan sarlavhalarni egallardi. Bir safar Venesuela rahbari AQSh prezidenti Jorj Bushni “eshak” va “Janob Xatar” deb atagan edi. Uning armiyadagi qadrdon do‘sti Fransisko Arias Kardenas, Chavesning hiyla bilan odamlar e’tiborini boshqa mavzularga tortish qobiliyatini eslab, shunday deydi: “U televizorga sabzini olib chiqib, „Bu lavlagi!“ deyishi mumkin. Uning raqiblari Chavesning ustidan kula boshlaydi: „Ahmoq. Sabzi bilan lavlagining farqiga bormaydi“, deb. Ammo, kafolat beramanki, shou tugagach, ularning ustidan Chaves kuladi va o‘ziga aytadi: „Nahot men ularni butun hafta davomida sabzi va lavlagi haqida bahs yuritishga majbur qilgan bo‘lsam?!“”

Manipulyativ diktatorlar xalq e’tiborini boshqa tomonga burishdan tashqari, tanqidiy xabarlarni hukumatga xayrixoh bo‘lgan xabarlar oqimiga ko‘mib yuborish usulidan ham foydalanadi. Bunda muxolif media nashrlari chiqargan kontentlar davlat propagandasi ichida somonga tushgan ignadek yo‘q bo‘lib ketadi.

Ugo Chaves yirik “axborot ishlab chiqaruvchisi” edi. Har yakshanba u o‘zining “Alo Presidente” nomli ssenariylashtirilmagan televizion dasturi bilan 8 soat xalq e’tiborida bo‘lardi. “U kuylardi, raqsga tushardi, rep aytardi, ot, tank, velosiped minardi, chaqaloqlarni uxlatar edi, kitob varaqlardi; bir vaqtning o‘zida tentakni, davlat rahbarini va buzruk rolini o‘ynardi” — deb yozadi Chavesning taklifi bilan “Alo Presidente” dasturida bir marta qatnashgan jurnalist Rori Kerroll.

U asosan nutq so‘zlardi. Unga ko‘proq vaqt kerak bo‘lgan paytlarda, boshqa dasturlar vaqtida ham, “muhim xabarlar” uchun so‘zga chiqardi. Hokimiyatga kelganining 10 yilligida prezident jami bo‘lib 1,3 ming soat nutq so‘zlagan edi. Ammo bundan ham qoniqmagan Chaves yangi gazeta va veb-sayt ochilishi haqida xabar qiladi: “U yerda juda ko‘p ma’lumotlar chop qilinadi. Bombardimon bo‘ladi”, — deganida Chaves hech hazillashmagan edi.

Chavesning “ko‘p gapirish” usuli u haqida biografik kitob yozgan muallif Alberto Barrerani hayratga solgan edi. Barrera nazdida ming soatlab takrorlangan zerikarli nutqlar va hazillarning bari “hukumatni boshqarish uchun juda samarasiz strategiya” edi. Ammo Barrera ko‘zdan qochirgan bir jihat bor: Chaves axborot maydonini to‘laligicha egallashi muxolif nashrlarning axborotlari bu maydonga kirib kelishini oldini olardi.

Ekvador rahbari Rafael Korrea ham bu usulni juda yaxshi o‘zlashtirgan edi. U ham o‘zining “cadenas” nomli favqulodda murojaatlari uchun butun mamlakat bo‘ylab efirlarni to‘xtatardi. Besh yildan kamroq muddat ichida Korrea “cadenas” uchun jami 1 025 soat sarflagan edi. Hukumat, shuningdek, xususiy medialardan ham tanqidlarga qarshi yozilgan uzundan-uzoq maqolalarni chop etishini talab qilardi. Korrea telekanallardan va axborot dasturlaridan o‘ziga qaratilgan tanqidlarga javob berishi uchun vaqt ajratishlarini ham talab etardi.

Li Kuan Yu xorijiy nashrlardan uning izohlarini tahrirlarsiz chop etishini qat’iy so‘rar va ularning xatolari haqida ogohlantirar edi. Peruda ham bu usullarning barchasi Fuximori uchun uzoq vaqt davomida juda qo‘l kelgan. Lekin Montesinos e’tiborsiz qoldirgan telekanallardan biri — “Canal N” hukumatdagi korrupsiyani yaqqol fosh qilgan videoni e’lon qilgach, Fuximori hukumati qulagan edi. Montesinos muxolif deputatga bir uyum pul berayotgani aks etgan videolavha “Canal N” tomonidan efirga uzatiladi. Bu tasvir dunyo yuzini ko‘rgach, boshqa kanallar ham — Montesinos bilan shartnomalari borligiga qaramay — ayni materialni efirga bera boshlaydi. Oradan ko‘p o‘tmay Fuximori rejimi qulay boshlaydi.

Montesinos telekanallardan birini “sotib olayotgan” vaziyat. Kadr: El PaisMontesinos telekanallardan birini “sotib olayotgan” vaziyat. Kadr: El Pais

Fuximori hukumati birgina “Canal N” mustaqil bo‘lgani uchungina bu holga tushmagandi. Axir kichik auditoriyali bir-ikki mustaqil OAVga ruxsat berish — manipulyativ diktaturaning qonuniyatlaridan biri. “Canal N” 1999-yilning yozida ish boshlagan, bir necha o‘n ming tomoshabini bor va obuna to‘lovi qimmat bir telekanal edi. Ammo ikki sabab tufayli bu safar vaziyat boshqacha edi.

Birinchidan, Montesinos o‘zi istamagan holda kanal uchun korrupsion operatsiya tasvirlangan lavha tayyorlab bergan edi. Peruliklar poraxo‘r siyosatchilar haqida gazetalardan o‘qishardi, lekin mamlakat razvedka xizmati rahbari televizor ekranida bir uyum pulni sanagan holda o‘z qudrati haqida maqtanib gapirishi aholi uchun siyosiy elitaning korrupsion dunyosiga tiniq nazar solish imkoniyatini berdi. Bu tasvirlarni sizib chiqishiga yo‘l qo‘yish — rejimning kechirilmas xatosi bo‘lib chiqdi.

Ikkinchidan, rejim allaqachon anchayin zaiflashib qolgandi. Sizdirilgan videolavha esa yoqilg‘i sepilgan quruq yog‘och ustiga o‘t oldirib tashlangan gugurt donasi edi. Fuximorining liberal iqtisodiy islohotlari uning tarafdorlari uchun ortiq ish o‘rinlari yaratmayotgan va 1998−1999-yillarga kelib iqtisodiy o‘sish manfiy holatga kelgan, prezidentning xalq orasida qo‘llov darajasi 44 foizga pastlagan edi. Boz ustiga, AQSh va mamlakat ichidagi muxoliflardan Montesinosni lavozimidan ozod qilish haqidagi chaqiruvlar yangray boshlagandi.

Hukumatning PR maslahatchisi Daniel Borobioning fikricha, agar Fuximori va Montesinos juftligi oxirigacha birga qolganida, ular bu vaziyatni uzoq va natijasiz surishtiruvlar tashkil qilish bilan yo‘q qilishlari mumkin edi. Lekin Fuximori nazoratni qo‘ldan chiqarib, xalqqa telemurojaatida muddatidan avval iste’fo berishini e’lon qiladi. Oradan ikki kun o‘tib, u Yaponiyaga qochib ketadi va o‘sha yerdan faks jo‘natish orqali o‘z iste’fosini e’lon qiladi.