O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan futzal bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekistonga qo‘shni ikki mamlakat — Afg‘oniston va Tojikiston bunday yirik xalqaro musobaqada debyut qildi. Afg‘onlar 15-sentabr kuni Afrika vakili hisoblangan Angola ustidan 6:4 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Tojikiston 16-sentabr kuni Afrikaning boshqa bir vakili — Marokashga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Kunning boshqa o‘yinlari natijalari bilan quyida tanishish mumkin.

16-sentabr, dushanba
“Ye” guruhi, 1-tur uchrashuvlari

Portugaliya — Panama 10:1

Gollar: Xayme Penaloza (5, avtogol), Afonsu Jezush (6, 16), Brunu Koelyu (8), Tomash Pako (11), Erik (12), Andre Koelyu (17, 29), Katchi (20), Pani Varela (37) — Alfonso Makuyensi (35).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Erik (Portugaliya).

Portugaliya futzal bo‘yicha jahon chempionatlari tarixidagi o‘zining eng yirik g‘alabasini yana bir bor takrorlab, musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogarlardan biri ekanini ochiq bildirdi.

“Humo Arena"da bo‘lib o‘tgan o‘yinda Andre Koelyu va Afonsu Jezush dublni rasmiylashtirgan bo‘lsa, Katchi va Tomash Pako jahon chempionatlaridagi birinchi gollarini urdi.

Kelasi turda Portugaliya Tojikistonni sinovdan o‘tkazadi, Panama esa Marokashga qarshi maydonga chiqadi.

Tojikiston — Marokash 2:4

Gollar: Samandar Rizomov (34), Fayzali Sardorov (39) — Usmon Bumezu (1, 29), Sufyon Sharrui (37), Idris Rais el-Fenni (38).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Abdulkarim Anbiyo (Marokash).

Tojikiston uchun o‘yin nisbatan og‘ir boshlandi — marokashliklar 23-soniyadayoq Feruz Bekmurodov darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Payrov Vohidov shogirdlari ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglashga jiddiy urindi — 34-daqiqada Samandar Rizomov, oradan besh daqiqa o‘tib Fayzali Sardorov gol urdi, ammo bu gollar faqat hisob qisqartirishga yaradi, xolos.

Keyingi turda, 19-sentabr kuni Tojikiston endi Portugaliyaga qarshi maydonga chiqadi, Marokash esa 1-turda Portugaliyadan 10 ta gol o‘tkazib yuborgan Panama bilan bahs olib boradi. Har ikkala o‘yin “Humo Arena"da bo‘lib o‘tadi.

“F” guruhi, 1-tur uchrashuvlari

Eron — Venesuela 7:1

Gollar: Salor Og‘apur (7, 23), Mahdi Karimiy (10, 13), Behruz Azimiy (19, 39), Amir Husayn Dovudiy (27) — Milton Fransia (15).

Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Salor Og‘apur (Eron).

Foto: FIFAFoto: FIFA

Salor Og‘apurning jamoaviy o‘yin mahsuliga aylangan ajoyib goli o‘yinda hisobni ochgan bo‘lsa, keyinchalik uning o‘zi, shuningdek, Mahdi Karimiy va Behruz Azimiy ham dublni rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Osiyo futzal gigantlarining yetti goliga Venesuela faqat bir marta javob bera oldi, xolos.

Endi payshanba kuni Eron Lotin Amerikasining boshqa bir vakili — Gvatemalaga qarshi maydonga chiqadi, musobaqadagi hozircha yagona goli Milton Fransia hisobiga yozilgan Venesuela esa Fransiya termasi bilan o‘ynaydi. Har ikkala o‘yin ham Buxoroda bo‘lib o‘tadi.

Gvatemala — Fransiya 3:6

Gollar: Marvin Sandoval (2), Roman Alvarado (10), Patrik Ruis (20) — Artur Chapchet (13, 18), Suhayl Muhiddin (21), Kevin Ramires (31), Abdusamad Muhammad (32), Nelson Lutin (37).

Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Suhayl Muhiddin (Fransiya).

Foto: FIFAFoto: FIFA

Gvatemala va Fransiya to‘qnashuvini musobaqaning eng dramatik bahslaridan biri, deya e’tirof etish mumkin. Lotin Amerikasi vakillari birinchi bo‘lib hisobni ochdi, hatto ikki to‘p farqi bilan oldinga ham chiqib oldi, birinchi bo‘limni g‘olib sifatida yakunladi. Ammo bu ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qola olmadi.

Avvaliga Artur Chapchet va Suhayl Muhiddinning gollari Fransiyaga vaziyatni tenglashtirish imkonini bergan bo‘lsa, Kevin Ramires, Abdusamad Muhammad va Nelson Lutinning gollari Gvatemalani mag‘lubiyatni tan olishga majbur qildi.

Rafael Reyno shogirdlari endi 19-sentabr kuni Venesuela bilan o‘ynaydi, Gvatemala esa Eron bilan bahslashadi.

Navbatdagi o‘yinlar

17-sentabr, seshanba
“A” guruhi, 2-tur
17:30. Toshkent
Kosta-Rika — Niderlandiya

20:00. Toshkent
O‘zbekiston — Paragvay

“B” guruhi, 2-tur
17:30. Buxoro
Tailand — Kuba

20:00. Buxoro
Braziliya — Xorvatiya

Uchrashuvlarning chiptalarini onlayn sotib olish mumkin.