Tarmoqlarda Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan Inbazar kiyim do‘koni ishchisi boshqa bir xodimni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Holatni o‘rgangan shahar IIBB xabariga ko‘ra, 13-sentabr kuni savdo majmuasining 23 yoshli xodimi o‘zaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 18 yoshli xodimni qo‘li bilan urgan. Voqeani esa boshqa bir xodim videotasvirga tushirgan.

Tarqalgan videolardan biriga ko‘ra, xodim omborxonada aravachani uzoqdan g‘ildiratib yuborgan. U buni “bilmasdan qilgani, aravacha qattiq tushmaydi degan xayolga borganini” aytgan. Yana bir xodim esa u buni atayin qilganini aytib, uzr so‘raganiga qaramay, yigitni urishda davom etgan.

Do‘kon asoschisi Omadbek Xolmatov mazkur holatdan so‘ng videomurojaat bilan chiqib, tarsaki tushirgan xodimga qonuniy chora ko‘rilishini bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rib, o‘zim shokda bo‘lib qoldim. Albatta, zo‘ravonlik jazosiz qolmaydi. Bu qilingan ablah ishi uchun, albatta, qonuniy javobgarlikka tortilishiga “uveren”miz. Yillar davomida ishxonada ham, mijozlarga ham yaxshi muomala, o‘zaro hurmat bo‘lishiga harakat qilamiz. Lekin ko‘plab bolalar ishlagani uchun buning nazoratini ola olmay qolibmiz. Buning uchun uzr so‘raymiz. Lekin bu zo‘ravonlikka qarshimiz… Bo‘lgan holat bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilyapti”, — dedi u.

Do‘kon asoschisi murojaati yakunida “bir ablahning javobsiz qolmaydigan zo‘ravonligi uchun butun bir jamoani qoralamaslikni” iltimos qildi.

Voqeadan so‘ng xodimni kaltaklagan fuqaro ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) alomatlari bilan hujjatlar rasmiylashtirildi. ИИББ xabariga ko‘ra, kaltaklangan fuqaro mazkur holat yuzasidan muqaddam ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Fuqaroga qonuniy chora ko‘rish uchun ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudiga yuborilgan.

inbazar, zo‘ravonlik, омадбек холмаtoв, xodim

Holat ro‘y berganidan bir kun o‘tib, Inbazar do‘konining Instagram sahifasida kaltaklangan shaxsga Spark avtomobili sovg‘a qilingani haqida post paydo bo‘ldi. Unda do‘kon endilikda ichki nizomga ham qattiq e’tibor qilishi, holatdan xijolatda ekani aytiladi.

Mashina sovg‘a qilingach, bloger Abdurahmon Fazilov, bokschi Bahodir Jalolov va boshqalar do‘kon rahbariyatining qilgan ishiga “qoyil qolgani” haqida Instagram`da gapirib chiqdi. Ular brendni birgina voqea sabab cho‘ktirmaslikni, qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay videolar o‘chirildi. Sababi voqealar rivoji bir xodimga chora ko‘rilishi bilan yakunlanmadi. Tarmoqlarda do‘kon asoschisi Omadbek Xolmatovning o‘zi ilgari xodimlarini samosud qilgani, shuningdek, boshqalar orqali xodimlarini kaltaklashga harakat qilgani aks etgan videolar tarqala boshladi. Ularda, asosan, xodimlarning mijozlarga qo‘pollik qilgani haqida so‘z boradi.

Xususan, ulardan birida xodim mijozga qo‘pol muomala qilgani uchun haqoratlangan bo‘lsa, boshqa bir holatda tashqi ko‘rinishidagi betartiblik sabab ishdan bo‘shatilgan.

Jamoaga yo‘llangan yana bir videomurojaatda Omadbek Xolmatov xodimlarga “kim mijozga yomon muomala qilsa, xodim necha yosh bo‘lsa, o‘sha yosh, o‘sha vazndagi bola uni urib, yer bilan bir qilishi” haqida ogohlantirgan. “20 yoshli xodim yomon muomala qilsa, 20 yoshli it olib kelaman, g‘ajib tashlaydi, ogohlantirib qo‘ydim”, — degan do‘kon asoschisi.

Tarmoq foydalanuvchilari orasida kiyim do‘koniga nisbatan boykot e’lon qilishga oid chaqiriqlar ommalashmoqda. Shuningdek, bu mavzu karikaturalardan ham joy oldi.

Avvalroq do‘konni qo‘llab-quvvatlashga chaqirganlar yana vaziyatga munosabat bildirdi. Abdurahmon Fazilov ham, Bahodir Jalolov ham direktorning avvalgi ishlarini bilmagani, avval aytgan gaplari “pul evaziga” bo‘lmaganini ta’kidladi.

“Bir soat oldin qo‘ygan videomda bir yarim mingtadan ko‘p, shundan mingtasi negativ izoh qoldirildi. Azizlar, bu videoni qo‘yganimda keyingi videolarni ko‘rmagandim… Mana, Bahodir Jalolov ham video qo‘ygan ekan. Biz keyingi voqealardan umuman xabarimiz yo‘q edi. Nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlat, qonun doirasida choralar ko‘rilmoqda. Biz bu bolaning (Omadbek Xolmatov — tahr.) qilgan ehsonlaridan xabarimiz bor. Katta-katta xayriyalar qilgan, „za to“ bitta bola Spark`li bo‘lib qoldi. Yangi videolardan mening ham, Bahodirning ham xabarimiz yo‘q edi”, — dedi Abdurahmon Fazilov.

“Bir soat oldin bir videoni shoshilib chiqarib qo‘ydim. Omadilloning faqat yaxshi tomonlarini ko‘rganman. Ishchisini deb o‘zi yomonotliq bo‘lib qolmasin deb tarafini olgandim. Ammo o‘zining videolarini ko‘rib, aksincha, fikrim judayam o‘zgardi. Odamning ichini bilmas ekansan. O‘zim o‘ttizga kirib, ikki marta Olimpiadani yutdim, ikki marta jahon chempioni bo‘ldim, lekin hayotimda birovga qo‘l ko‘tarmaganman, birov bilan urishmaganman. Urishgan bo‘lsam, faqat ringda urishganman. O‘zim zo‘ravonlikka qarshiman, mutlaqo qarshiman. Har xil izohlar yozilmoqda, pul-mul olingan deb. Hech qanaqa pulning aloqasi yo‘q. Inbazar bilan ham shartnomani allaqachon tugatganman”, — dedi bokschi.

Do‘kon asoschisining o‘zi yana bir videomurojaat bilan chiqdi va u aks videolardagi holatlar ancha yillar oldin sodir bo‘lganini aytdi.

“Juda qoyil qolsa bo‘ladi. Videolar xuddi 10 yil shakllantirilganga o‘xshaydi. Stoyankada bo‘lgan holatda 4 kishini urgan xodimimizni emotsiyada qo‘rqitib qo‘ygan videomizni tarqatishyapti. Uning urgan videosi ham bor… Voqeaga kamida 3−4 yil bo‘lgan. Mayli, hammasi o‘tar, lekin unda har bir odamning umri davomida urishgan videolarining hammasini internetga qo‘yaylik”, — deya ta’kidladi u.

Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi “Gazeta.uz”ga bergan izohida Omadbek Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

“Bu shaxsga nisbatan internetda tarqalgan videolar yuzasidan tergovga kadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. U [videodagi] holatlar eski bo‘lib, muqaddam hech kim ariza bilan murojaat qilmagan. Hozir videoda aks etganlarning shaxsi aniqlanib, tekshiruv o‘tkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Boshqa munosabatlar

Nurbek Alimov, bloger:

O‘zini hurmat qilgan odamlar qaytib Inbazar`ga yaqinlashmasligi kerak. Ongli iste’molchi bo‘ling. Ko‘cha razborka va qon, insonlarning qadri toptalishi ustiga qurilgan bizneslarni gullatishga hissa qo‘shmang. Bugun chiqqan videolardan keyingi fikr bu.

Aziza Qurbonova, jurnalist:

Shu keysdan keyin ko‘p guruhlarda, aynan o‘smir bolalar, yigitlarning #me_too (ya’ni menda ham bo‘lgan, men ham guvohman) degan hikoyalarini o‘qidim, gaplashdim. Bu holatlar hech qanday huquqiy hujjat yuritilmaydigan, yollanma ishchilar jalb qilinadigan xususiy biznesda ko‘proq uchraydi deb aytishyapti.

Biz yigitlarni “erkak bo‘l”, “terpila bo‘lma”, “sotqinlik qilma”, “chida” deb tarbiyalaydigan jamiyatmiz. Samosudlar, shaxsiyatga daxl qilishga murosasiz kurash kerakligini aytmaymiz. Inbazar`ga umrim bino bo‘lib bormaganman, endiyam bormayman. Alimovning gapiga qo‘shilaman, huquq-tartibot organlari xodimlarini kaltaklaydigan bu tadbirkorga chora ko‘rishi kerak.

Muhrim A’zamxo‘jayev, jurnalist:

Inbazar`ning barcha mushtumzo‘r mas’ullari, mushtumzo‘r xodimlari javobgarlikka tortilishi, bu jarayonlarning ochiq va oshkoraligi ta’minlanishi shart.

A’zam Qahramoniy, bloger:

Puli ko‘p, biznesmen, qudratli odamlar ham javob berishi kerak. Mana shu holat shuni ko‘rsatishi kerak. Biz endi jim turishimiz kerak emas. Oxirigacha kuzatishimiz kerak. Mana bu ish (do‘kon asoschisiga oid videolardagi holat — tahr.) ham sudga oshirilishi kerak. Uni ham ko‘rishimiz kerak, nima bilan tugaydi, qancha beriladi, jarimami, qamoqmi…

Kirill Altman, jurnalist:

O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kompaniya xodimlariga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik videosi tufayli Inbazar do‘konini boykot qila boshladi. Menimcha, bu juda ajoyib.

Shahnoza Soatova, bloger:

Inbazar ishi bo‘yicha faqat aysbergning uchini ko‘ryapmiz. Bir savol-da, agar shu zo‘ravonlik qilayotganar va qurbonlar o‘rni almashsa, ya’ni kaltaklanayotganlar qo‘lida imkoniyatu kuch bo‘lib qolsa, ular qanday yo‘l tutar edi? Aniq gap aytish qiyinu, lekin Inbazar istisno emas, bu jamiyatda mavjud “mushtketdi mentaliteti”ning isitmasi.

Bolasini uradigan ota-onalardan tortib xotinini uradigan erlargacha. qo‘l ostidagiga zo‘ravonlik ko‘rsatadigan rahbarlardan tortib opasini urib o‘ldiradign ukagacha — hammasi jismoniy kuch va zulmni muammoning yechimi sifatida ko‘rish oqibati.

Yaxshi tarbiya, yaxshi boshqaruv, so‘z va boshqa qonuniy amallar bilan ta’sir ko‘rsatish uchun aql va mental ta’sir kuchiga ega bo‘lishi kerak. Kuch ishlatish esa eng oson yo‘li. Kuch bilan boshqaruvdan aql bilan boshqaruvga o‘tish — o‘sish degani. Menejment bu kuch emas, ilm avvalo. Urmay-so‘kmay tarbiyalash va boshqarish qo‘lingizdan kelmasa, siz rahbar emassiz. O‘zingizni boshqarolmayapsiz-ku!