Toshkentda ko‘chmas mulk va qarzlar bilan bog‘liq firibgarlikda gumonlangan uch kishi qo‘lga olindi. Ular fuqarolarning mol-mulkini aldov yo‘li bilan egallab olgan, deya xabar berdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, 1989-yilda tug‘ilgan Rominov Sardor Farxodovich, 1990-yilda tug‘ilgan Yuldashev Baxtiyor Xabibulla o‘g‘li, 1993-yilda tug‘ilgan Xusainov Timur Rustamovich bir qator jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Jumladan, ushbu shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar-joy va boshqa ko‘chmas mulklarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va mulkini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3−4 barobar ko‘p bo‘lgan. Shuningdek, ular fuqaro bilan qarz yoki oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan so‘ng kelishilgan summadan kam miqdorda pul berganlar. Misol uchun, fuqaro ulardan 100 ming AQSh dollarini foiz evaziga so‘rasa, oldi-sotdi yoki qarz shartnomasi rasmiylashtirib bo‘lganidan so‘ng 65 000, 70 000 AQSh dollari atrofida pullarni berib, qolgan pullarni maklerlik xizmati, boshqa xarajatlar uchun olib qolgani haqida aytadi, keyinchalik foiz to‘lovlarni kamaytirib berishi hamda to‘lovlar kechiksa bezovta qilmasligi haqida aytib aldagan.

Tergov jarayonida 1989-yilda tug‘ilgan Rominov Sardor Farxodovich, 1990-yilda tug‘ilgan Yuldashev Baxtiyor Xabibulla o‘g‘li va 1993-yilda tug‘ilgan Xusainov Timur Rustamovichlar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shahar IIBB ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha biror ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan 71 206 40 97 yoki 102 raqamlariga yoxud 90 976 28 21 Telegram raqamiga murojaat qilishni so‘ragan. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi ma’lum qilingan.