O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Farmon loyihasi bilan 2025-yil 1-yanvaridan boshlab ilmiy tashkilotlarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra:

  • O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti hisobidan ilm-fan xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida saqlanayotgan va bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda — budjet ilmiy tashkilotlari) ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
  • budjet ilmiy tashkilotlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yil uchun ishlab chiqiladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqqan holda yuqori turuvchi vazirlik va idoralar orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi o‘rinlarda — agentlik)ga ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritiladi;
  • agentlik ilmiy-tadqiqot dasturlariga kiritilishi taklif etilgan mavzularning ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligi, ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablari o‘rganilganligi, avval bajarilgan ilmiy-tadqiqotlarni takrorlamasligi va budjet ilmiy tashkilotning faoliyat yo‘nalishiga mosligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi;
  • belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari agentlik tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik)ga kelishish uchun kiritiladi va kelishilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari budjet ilmiy tashkilotlarning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi;
  • bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning tasdiqlangan ilmiy-tadqikot dasturlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirib boriladi;
  • budjet ilmiy tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar har yili 1-noyabrga qadar agentlikka keyingi yillarda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
  • belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari vazirlik tomonidan kelishiladi va budjet ilmiy tashkilotining yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.

Vazirlikning Ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr)ni joriy etish yuzasidan taklifiga rozilik beriladi.

Loyihada belgilanishicha:

  • reyestr elektron shaklda yuritiladi va reyestrga kiritilgan tashkilot o‘zining faoliyat turiga ko‘ra Agentlikning tegishli axborot tizimlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi;
  • reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlar ilmiy-innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — shaxsiy identifikatsiya raqami)ga ega bo‘ladilar va Agentlikning axborot tizimlaridan o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali belgilangan tartibda foydalanadilar;
  • agentlik Reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlarni shaxsiy identifikatsiya raqami bilan ta’minlash choralarini ko‘radi;
  • reyestrga kiritilgan tashkilotlarning ilmiy va innovatsion faoliyatiga doir ma’lumotlari Agentlikning axborot tizimlari, “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va boshqa davlat axborot tizimlar bilan integratsiya orqali yagona elektron bazada to‘planadi;
  • O‘zbekistonda ilmiy va innovatsion faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlari Reyestrga kiritilgan tashkilotlar bo‘yicha jamlanadi.

Shuningdek, vazirlikning ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida doktorlik dissertatsiyasini bajarishga qaratilgan amaliy tadqiqot loyihalaridan (keyingi o‘rinlarda — dissertatsion tadqiqot loyihasi) iborat Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi ko‘zda tutilgan.

Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini shakllantirish va bajarilishida quyidagilar belgilanadi:

  • Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari har yili agentlik tomonidan o‘tkaziladigan bajarilishi uch yilga mo‘ljallangan dissertatsion tadqiqot loyihalari tanlovi natijalariga ko‘ra Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
  • dissertatsion tadqiqot loyihasiga rahbarlik qiluvchi (keyingi o‘rinlarda — loyiha raxbari) bir vaqtning o‘zida loyihaga muvofiq bajarilayotgan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini tayyorlaydigan izlanuvchining (keyingi o‘rinlarda — izlanuvchi) ilmiy rahbari hisoblanadi;
  • dissertatsion tadqiqot loyihasida faqat bir nafar izlanuvchi loyiha ijrochisi sifatida kiritiladi va loyiha bajarilayotgan tashkilot uning asosiy ish joyi etib belgilanadi;
  • loyiha ijrochisi loyiha rahbari tomonidan mustaqil o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra aniqlanadi va doktorlik dissertatsiyasini tuziladigan tegishli shartnomaga muvofiq loyiha bajarilayotgan tashkilotda mustaqil izlanuvchi sifatida amalga oshiradi;
  • amaliy tadqiqot loyihasi uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash nazarda tutiladi.

Yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil qilishda quyidagilar belgilanadi:

  • 2025-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, saralash va moliyalashtirish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi;
  • Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijiy stajirovkaga faqat ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 35 yoshdan oshmagan xodimlar yuborilishi rejalashtirilmoqda.