Toshkent shahri hududidagi daraxtlarning reyestrini shakllantirish jarayoni 20-sentabrdan boshlanadi. Bu haqda Yunusobod tumanidagi sobiq astronomiya bog‘ining jamoatchilik ekoparkiga aylantirilishi bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Ta’kidlanishicha, “Zamin” xalqaro fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda poytaxt hokimligi bilan hamkorlikda “Daraxtlar reyestri” loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning ustida 1,5 yil davomida ish olib borilgan.

Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

“Shahardagi daraxtlarning hammasi to‘liq invertizatsiya qilinadi. Buning uchun 100 nafar volontyor jalb etilib, har biriga planshet beriladi. Daraxtlarning elektron bazasini yaratish jarayonida ular shunchaki rasmga olinmaydi, balki turi, bugungi holati va boshqa jihatlari ham hisob-kitob qilinadi. Loyiha 2,5 yil mobaynida amalga oshiriladi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazirlikning davlat kadastrini yuritish va geoaxborot tizimlarini joriy etish bo‘limi bosh mutaxassisi Amirjon Yuldashevning “Gazeta.uz” muxbiriga qo‘shimcha qilishicha, loyiha doirasida 100 dona GNSS priyomnik, 100 ta lazerli dalnomer, 100 dona planshet, 100 ta dasturiy vosita va 2 dona GNSS baza stansiyasi xarid kilingan.

“Ushbu qurilmalar va dasturiy vosita yordamida daraxtlarning aniq joylashuv koordinatalari, turi, balandligi, diametri, krona diametri, holati va fotosuratlari elektron platformaga kiritiladi. GNSS qurilmalaridan hamda dasturiy vositadan foydalanish bo‘yicha 100 nafar volontyorga seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Shuningdek, ishchi guruhlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashda yordam berish uchun qo‘shimcha 5 nafar mutaxassis ham o‘qitildi”, — dedi vazirlik vakili.