Florida shtatida Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp golf o‘ynayotgan klub yaqinida otishma sodir bo‘ldi. CNN nashrining xabar berishicha, Federal qidiruv byurosi sobiq prezidentga nisbatan bo‘lgan ehtimoliy suiqasdga urinishni tekshirishni boshladi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Maxfiy xizmat agentlari golf klubi hududidagi butalar orasida miltiq stvolini ko‘rib, o‘sha tarafga qarata o‘q uzgan. Erkak Trampdan 300 metrdan 500 metrgacha uzoqlikda bo‘lgan.

Erkak qurolini tashlab, mashinada qochib ketgan, so‘ng uni qo‘shni okrugda qo‘lga olishgan. Butalar orasidan optik mo‘ljallagichli AK-47 rusumidagi avtomat qurol, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasi topildi.

Hibsga olingan 58 yoshli Rayan Uesli Rut Gavayi orollarida kichik qurilish kompaniyasi egasidir, deb yozadi CNN. 2016-yilda u Trampga ovoz bergan, ammo keyin, uning ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlariga qaraganda, sobiq prezidentdan hafsalasi pir bo‘lgan va vaqti-vaqti bilan o‘z postlarida respublikachini tanqid qilgan. Shuningdek, u Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor bildirgan. Xususan, Rut “Kremlni butkul kul qilish” kerakligini yozgan va Ukraina tomonida janglarda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

Tramp o‘z tarafdorlariga elektron pochta orqali “xavfsiz va hammasi joyida ekanini” yozgan. “Meni hech narsa to‘xtata olmaydi. Men hech qachon taslim bo‘lmayman”, — dedi respublikachi.

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris Trampning golf klubidagi otishmadan xabardorligini ma’lum qildi. “Xavfsiz ekanidan xursandman. Amerikada zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”, — deb yozdi u X sahifasida.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ish uchun Maxfiy xizmatga minnatdorlik bildirib, “sobiq prezident jabrlanmagani uchun yengil tortganini” ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQShda “siyosiy va boshqa turdagi zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”.

Bu so‘nggi ikki oy ichida Donald Trampga nisbatan qilingan ikkinchi suiqasddir. Iyul oyida u Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi mitingida otishma paytida qulog‘idan yaralangan. Maxfiy xizmat agentlari bosqinchini otib tashlagan.