Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Braziliya va Xitoyning Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u 16-sentabr kuni Ostonaga tashrif buyurgan Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Urushning yanada avj olishi butun insoniyat va, birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosiga bevosita aloqador bo‘lgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortilgani orqali hech bo‘lmaganda sulhga erishish uchun ham yaxshi imkoniyat yo‘qoldi. Ammo tinchlikka erishish imkoniyati hali ham mavjud”, — dedi Toqayev.

Qozog‘iston rahbari Rossiyaning “harbiy jihatdan yengilmas” ekanini “fakt” deb atadi va turli davlatlarning “barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan ko‘rib chiqishga” chaqirdi.

“Bizning fikrimizcha, Xitoy va Braziliyaning tinchlik rejasi qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Davlat rahbarlari keladi va ketadi, xalqlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar esa tinch-totuv va o‘zaro hamjihatlikda yashashi kerak”, — dedi Toqayev.

“Qozog‘iston Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega va mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Qozog‘istonda Ukraina xalqiga va uning o‘ziga xos madaniyatiga samimiy hamdardlik bilan qarashadi. Davlatlarimiz o‘rtasida hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. Mamlakatimizning Kiyevdagi elchixonasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Akorda matbuot xizmatining qayd etishicha, Toqayev Rossiya-Ukraina urushi haqida Sholsning iltimosiga binoan gapirgan.

  • May oyida Braziliya va Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralari uchun olti banddan iborat qo‘shma taklifni e’lon qilgandi. Ular, xususan, barcha manfaatdor tomonlarni “jangovar harakatlarni kuchaytirmaslikka” chaqirgan hamda Rossiya va Ukraina ishtirokida tinchlik konferensiyasi o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagandi.
  • Qanday qilib, mana bu bizning taklifimiz deyish va bizdan hech narsani so‘ramaslik mumkin?!
  • Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Xitoy va Braziliyaning urushni tugatish bo‘yicha tinchlik rejasini tanqid qilib, uni “halokatli” va Kreml bilan oldindan kelishib olingan, deb atagandi. “Men [Braziliya prezidenti] Lula bilan gaplashdim, Xitoy tomoniga aytdik: kelinglar, birga o‘tiraylik, gaplashaylik. Sizlar bizning dushmanimiz emassiz, biz ham sizga dushman emasmiz. Nega siz to‘satdan Rossiya yonini olishimiz yoki o‘rtada bo‘lishimiz kerak, degan qarorga keldingiz? Nimaning o‘rtasida? Biz o‘rtada urishmayapmiz, biz chegarada urishmayapmiz. Siz ruslarni to‘xtatishingiz kerak. Qanday qilib mana shu bizning taklifimiz deyish va bizdan hech narsa so‘ramaslik mumkin?! Rossiya esa bunga qo‘shiladi va biz Braziliya-Xitoy tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, deb aytadi. Biz ahmoq emasmiz, nega kerak bu teatr?” — dedi Zelenskiy.
  • Ukraina Rossiya bilan urushni tugatish uchun “tinchlik formulasi” deb nomlangan o‘z rejasini taklif qilmoqda. Unda turli sohalarni, jumladan, Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan olib chiqib ketish va Ukrainaning energetik xavfsizligini ta’minlashni o‘z ichiga olgan 10 ta band bor. Ukrainaning “tinchlik formulasi” bo‘yicha birinchi sammit sentabr oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgandi. Rossiya tomoni taklif qilinmagan.