Vashingtonda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxuja Mavlonov va AQShning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shu kunlarda qo‘mita raisi boshchiligidagi delegatsiya Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib, bojxona sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan uchrashuv va muzokaralar olib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston-AQSh bojxona xizmati rahbarlari tomonidan “Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi bitimi imzolandi.

Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini beradi va giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, AQSh bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimlarni dunyo bo‘ylab 200 ga yaqin davlatlar ichida 17 ta davlat bilan imzolagan bo‘lsa, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 18-davlat sifatida qayd etildi.

Muzokaralarda AQSh chegara va bojxona xizmatining targetlash bo‘yicha mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning AQShda malaka oshirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Akmalxuja Mavlonov Troy Millerni O‘zbekistonga taklif qildi, deyiladi xabarda.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi AQShning Milliy targetlash markazi, Kinologiya akademiyasi, Texasdagi San-Antonio xalqaro aeroporti, Laredo shahridagi World trade bridge avto chegara bojxona posti, Texas-Meksika xalqaro temir yo‘l o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishlari rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning AQSh bilan tovarlar tashqi savdosi so‘nggi 6 yilda 48 foizga oshgan. 2024-yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga o‘sgan.