Respublika bo‘ylab iste’molchilar tomonidan aloqa kompaniyalarining tariflaridagi tushunmovchiliklar, aloqa va internet xizmatlarining sifatsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ortiqcha to‘lovlar olinishiga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, bunday holatlar Uzmobile, Ucell, Mobiuz, Beeline va Humans aloqa kompaniyalari bilan sodir bo‘lyapti. Qo‘mita murojaatlarni mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, tanlangan tarif rejasi va aloqa xizmatlarining shartlariga mosligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazgan.

Xususan, Samarqand viloyatida fuqaro 6 mln 700 ming so‘m pul boshqa bir hisobga o‘tgani va uni qaytarib ololmayotganini bildirgan. Qo‘mita o‘rganishlari natijasida unga mablag‘ Humans aloqa xizmat ko‘rsatish kompaniyasi tomonidan to‘liq qaytarib berilgan.

Nukus shahrida istiqomat qiluvchi M.X. Ucell aloqa kompaniyasining ortiqcha pul hisoblanganidan noroziligini bildirgan va pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan. Qo‘mita “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi talablariga muvofiq kompaniya xodimlariga tushuntirish ishlarini olib borgan va iste’molchining ortiqcha hisoblangan 100 ming so‘mga yaqin mablag‘i qaytarilgan.

Xorazm viloyatida fuqaro Sh. Yu. o‘ziga aloqa xizmati ko‘rsatuvchi Mobiuz tomonidan hisob raqamidan pul doimiy ravishda kamayib borayotganidan, kompaniyaning 0890 ishonch telefoniga qilgan murojaati yechim topmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, undan “Kinofan viktorina” xizmati uchun iyul-avgust oyida 500 va 2000 so‘mdan yigirmaga yaqin marotaba pul yechib olingan. O‘rganish natijasida yechib olingan pul qaytarilgan, raqami qo‘shimcha xizmatlardan o‘chirilgan.

Buxoro viloyatida fuqaro X.F. Uzmobile tomonidan sifatsiz internet xizmati ko‘rsatilayotgani bo‘yicha murojaat qoldirgan. O‘rganish jarayonida u internetga ulangani, oylik to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘layotgani, biroq aloqa qoniqarli darajada emasligi ma’lum bo‘lgan. Natijada internet nosozliklari bartaraf etilgan.

Surxondaryo viloyatida fuqaro G‘.Ch. farzandining bank plastik kartasiga Beeline kompaniyasining bepul ilovasidan 450 ming so‘m pul mablag‘ini to‘liq o‘tkaza ololmagan. Mobil ilovada qolib ketgan pulni esa qaytarish bo‘yicha kompaniya hech qanday chora ko‘rmagan. O‘rganish natijasida nosozlik tufayli mobil ilovada qolgan mablag‘ qaytarib berilgan.

Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, 2024-yilning o‘tgan 8 oyi davomida iste’molchilardan aloqa bo‘yicha 1563 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, 91,5 mln so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.