Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi (video).

Qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish, emlash hamda mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, hayvonlarni hisobini yuritish, hayvonlarning nasli, egasi bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

Maruzachi Bahromjon Norqobilovning ma’lum qilishicha, bir martalik identifikatsiya ishlari bepul qilinadi. Kelgusi yillarda tug‘ilgan hayvonlarning bollarini identifikatsiya qilish chorva hayvonlarining egalari hisobidan qilinadi. Bunda bitta o‘rtacha qoramolga uzog‘i 15 ming so‘m atrofida bo‘lishi, mayda shoxli mollarga 7,5 ming so‘m bo‘lishi kutilyapti.

Fuqaro chorvani sotib olganda, so‘yganda yoki ular tug‘ganda smartfon orqali yoki og‘zaki murojaat orqali ro‘yxatga olinadi yoki chiqariladi. Ushbu harakatlar veterinariya xizmati xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi. Shu sababdan iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, it va mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.