16-sentabr kuni Budapeshtda o‘tkazilayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining oltinchi turida o‘zbekistonlik erkak shaxmatchilar g‘alaba qozongan bo‘lsa, ayollar terma jamoasi durang o‘ynadi.

Erkaklar terma jamoasi vakillari (o‘rtacha reyting — 2690, 4-raqamli) avvalgi turlarda Trinidad va Tobago (3,5:0,5), Misr (3,5:0,5), Xorvatiya (3,5:0,5) va Moldova (3,5:0,5) davlatlaridan bo‘lgan raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgandi. Vetnamga qarshi bahsda esa yutqazishdi (1:3).

O‘zbekiston oltinchi turda Isroil bilan to‘qnash keldi. Mazkur jamoa Efiopiya, Albaniya, Kolumbiyani mag‘lub etib, Irlandiya va Mo‘g‘uliston bilan durang o‘ynagandi.

shaxmat, shaxmat olimpiadasi

Nodirbek Abdusattorov o‘yin boshida biroz ustunlik qilib turgan Maksim Rodshteynni (partiya) mag‘lub etdi, Nodirbek Yakubbayev Ido Gorshteyn bilan muammosiz bahslashdi.

Shamsiddin Vohidov Ilya Smirin bilan durang o‘ynadi va o‘z ustunligini qo‘ldan boy berib, raqibining xatosidan foydalanolmadi. Javohir Sindarov esa bahsda xato qilib, Tamir Nabatiga taslim bo‘lishga qaror qildi. Yakuniy hisob 2,5:1,5 O‘zbekiston foydasiga.

shaxmat, shaxmat olimpiadasi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (reyting — 2176, 34-raqamli) so‘nggi ikki uchrashuvda reytingi yuqoriroq bo‘lgan raqiblar — Vengriya (2320, 14) va Bolgariya (2355, 12) ustidan g‘alaba qozondi. Ular beshinchi turda turnir favoritlaridan biri bo‘lgan Gruziya terma jamoasiga (2462, 2-o‘rin) imkoniyatni boy berdi (1,5:2,5).

Oltinchi turda ayol shaxmatchilar Gollandiya terma jamoasiga qarshi bahs olib borishdi. Afruza Hamdamova Elin Rubers bilan, Nilufar Yakubbayeva Peng Jaoqin bilan durang o‘ynadi.

Umida Omonova Maxteld Van Forestga imkoniyatni boy berib, turnirdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Nodira Nodirjonova Anna-Maya Kazaryanni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Yakuniy hisob 2:2.

shaxmat, shaxmat olimpiadasi

Ayni paytda ayollar o‘rtasida faqat Hindiston terma jamoasi 12 ochkodan 12 ochkoga ega. 9 ochko bilan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 16-o‘ringa tushib ketdi, ammo oldinda hali 5 tur bor.

Erkaklar o‘rtasida Hindiston 100 foiz natijaga ega bo‘lib turibdi. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 10 ochko bilan 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

17-sentabr shaxmatchilar uchun dam olish kuni bo‘ladi. 18-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan yettinchi turda erkaklar terma jamoasi Ukraina bilan, ayollar terma jamoasi Gretsiya bilan bahs olib boradi.

shaxmat, shaxmat olimpiadasi

Olimpiada

10-sentabr kuni Budapeshtda ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik jamoaviy shaxmat turniri — 45-shaxmat olimpiadasi boshlandi. Turnirda 381 ta jamoa ishtirok etadi, ulardan 197 tasi ochiq seksiyada, 184 tasi ayollar chempionatida.

Jamoalar har ikki seksiyada to‘rtta o‘yinchi + bitta o‘rinbosardan iborat. Musobaqa Shveysariya tizimi bo‘yicha 11 raundda o‘tkaziladi, vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya.

Musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasidan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov, ayollar terma jamoasidan Afruza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova va Nodira Nodirjonova ishtirok etmoqda.

Erkaklar terma jamoasi murabbiyi rossiyalik Vladimir Kramnik — sobiq jahon chempioni, shaxmatning XXI asrdagi timsollaridan biri, ayollar jamoasiga esa shaxmat olimpiadasida uch marta g‘olib chiqqan rossiyalik grossmeyster Aleksey Dreyev murabbiylik qiladi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston shaxmatchilari va ularning raqiblarining ushbu turnirdagi imkoniyatlarini tahlil qilgan edi (maqola rus tilida).