Siyosat
“O‘zbekiston Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatini yanada to‘liqroq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor” — Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti “Markaziy Osiyo — Germaniya” sammitida mintaqa va Germaniya o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini qabul qilish, Yevropa bilan transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish kabilarni taklif qildi.
Iqtisodiyot
“Germaniya O‘zbekistondan 800 nafar hamshiralarni qabul qilmoqda, ulardagi ish haqi kamida 2200 yevro” — bandlik vaziri
Bandlik vaziri Behzod Musayev O‘zbekiston va Germaniya temir yo‘l transporti, avtobuslar uchun haydovchilarni, shuningdek, hamshiralarni tayyorlab berishga kelishib olgani haqida so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, bu yil Germaniyaga 800 nafar o‘zbekistonlik hamshiralar yuborilmoqda, ularning ish haqi kamida 2200 yevrodir.
O‘zbekistonda avgust oyida elektromobillar savdosi 2 baravar kamaydi
Avgust oyida yengil elektromobillar bozorida sotuvlar hajmi 1,7 ming donani tashkil etdi, bu avvalgi oyga nisbatan deyarli ikki baravar kam. Umumiy pasayishning 90 foizdan ortig‘i poytaxt ulushiga to‘g‘ri keldi, Toshkentda sotuvlar 66 foizga kamaydi. Umumiy avtomobil bozorida yillik pasayish davom etmoqda.
23-sentabrdan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun arizalar qabul qilish boshlanadi
23-sentabr kuni soat 09:00 dan maqsadli parametrlari doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya uchun arizalar qabul qilishning ikkinchi bosqichi boshlanadi. Shuningdek, endi ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritish mumkin bo‘ladi.
USAID O‘zbekiston iqtisodiyotining to‘rtta tarmog‘idagi loyihalarga grantlar ajratadi
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi to‘qimachilik, turizm, yashil iqtisodiyot va AKT sohalaridagi loyihalarni grantlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Xotin-qizlar, yoshlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga doir loyihalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonga oq tovus va qirg‘ovullarni noqonuniy olib kirayotgan fuqaro to‘xtatib qolindi
“G‘ishtko‘prik” chegara postida 22 dona qirg‘ovul va 5 dona Hindiston oq tovusini tegishli hujjatlarsiz olib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro to‘xtatib qolindi. Qushlar holatga aniqlik kiritilguncha Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
O‘zbekistonda chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish rejalashtirilmoqda
Deputatlar chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish ko‘zda tutilgan qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi. Qonun bilan hayvonlarni hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda.
Kontrafakt Imudon dorisini ishlab chiqargan korxona jarimaga tortildi
Anestpharma kompaniyasi kontrafakt Nest Imudon dori vositasini ishlab chiqargani aniqlandi. Uning nomi va qadoqlanishi asl Imudon`ga o‘xshaydi. Avvalroq kompaniya soxta Magne B6 ishlab chiqargani uchun javobgarlikka tortilgandi.
O‘zbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar sohasida memorandum imzoladi
Toshkentda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Qayd etilishicha, ushbu hujjat geologiya-qidiruv va yuqori qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratish yo‘lida ikki davlat muloqotini davom ettirishda muhim qadamdir.
Sirdaryoda chiqindi tashish xizmati aholiga 528,6 mln so‘m ortiqcha to‘lov hisoblagani aniqlandi
Sirdaryo viloyatida maishiy chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Toza hudud” korxonasi salkam 150 ming iste’molchiga nisbatan 528,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblagani aniqlandi. Korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda iste’molchilar aloqa kompaniyalari sifati va ortiqcha to‘lovlaridan shikoyat qilmoqda
Respublika bo‘ylab iste’molchilar Uzmobile, Ucell, Mobiuz, Beeline va Humans aloqa kompaniyalari sifati hamda ortiqcha to‘lovlaridan shikoyat qilmoqda, deya ma’lum qildi Raqobat qo‘mitasi. Idora o‘rganishlar o‘tkazib, fuqarolarning 8 oy davomidagi 91,5 mln so‘mga yaqin mablag‘ini qayta hisob-kitob qilgan.
So‘rovnoma: Rahbarning xodimga zo‘ravonligi haqida odamlar nima deydi?
“Gazeta.uz” muxbiri Toshkent shahrining ayrim hududlarida bo‘lib, ishxonada xodimini kaltaklagan yo unga qo‘pollik qilgan rahbarlar borasida odamlar fikri bilan qiziqdi. Ulardan shunday vaziyatda qanday harakat qilishi va mushtumzo‘r mas’ullarning ustidan shikoyat qilishga qanchalik tayyorligi haqida so‘radi.
Xorazmda 2,9 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalarni uyida saqlab kelgan fuqaro aniqlandi
Urganchlik 41 yoshli shaxs kelgusida sotish maqsadida o‘z uyida 2,9 mlrd so‘mlik 64 452 dona noqonuniy dori vositalarni saqlab kelgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda fuqaro ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov ketmoqda. Uning aybi tasdiqlansa, fuqaro 5−8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ombudsmanga qo‘yilgan oliy ma’lumot va inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajribaga ega bo‘lish talabi bekor qilinmoqda
Ombudsman lavozimi nomzodiga qo‘yiladigan yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lish haqidagi talablar bekor qilinmoqda. Deputatlar ushbu norma aks etgan qonunni qabul qildi.
Ma’lumotlarning nafaqat hukumat, balki jamiyat uchun ham ochiq bo‘lishi juda muhim — Feliks Elvert
Viskonsin universiteti professori Feliks Elvert “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida oila dinamikasi, demografiya, ma’lumotlar ochiqligi masalasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. “Biz kabi tadqiqotchilar O‘zbekistonga kelib, oxir-oqibat Fransiya haqida tadqiqot qilishga majbur bo‘lishini istamaymiz”, deydi u.
Toshkentning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida YTH yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi uxlab qolgan
Toshkentning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida Cobalt avtomashinasi katta tezlikda temir to‘siqqa borib urildi. IIBBning ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi rulda uxlab qolgan. Kameralar yo‘qligi haqidagi xabarlarga javoban ko‘chada ko‘chma radarlardan foydalanilayotgani aytildi.
Toshkentdagi Bobur ko‘chasining bir qismi 18 kunga yopiladi
Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasining Shota Rustaveli va Nukus ko‘chalari bilan kesishmalari oralig‘ida yerosti kabel tarmoqlarini o‘tkazish ishlari olib boriladi. Shu sabab 18-sentabrdan 5-oktabrga qadar ushbu hudud avtomobillar uchun yopiladi.
Sport
Shaxmat Olimpiadasida o‘zbekistonlik erkaklar jamoasi yana yutdi, ayollar durang o‘ynadi
Budapeshtdagi Olimpiadaning oltinchi turida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Isroilni mag‘lub etib, 5-o‘ringa ko‘tarildi. Endi ular Ukrainaga qarshi bahs olib boradi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa Gollandiya bilan durang o‘ynadi.
Jahon
Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 mln kishiga yetdi — WSJ
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi 2,5 yillik keng masshtabli urush davomida frontda halok bo‘lgan yoki yaralanganlar soni million kishiga yetdi, deb ma’lum qildi The Wall Street Journal.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!