Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Germaniyaning DB Engineering Consulting Operations Group kompaniyasi Germaniya temiryo‘llari (Deutsche Bahn) uchun mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan bayon imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Endi ushbu mamlakatda transport, muhandislik sohalarida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar ularning standartlari asosida Bandlik va Transport vazirliklari qoshidagi kasbiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Til va kasb o‘rgatish darslari germaniyalik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

“Germaniya temiryo‘l transporti, avtobus, metropoliten tizimi uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz baland va ularni nemis standartlari asosida O‘zbekistonda o‘qitib, kasb va til imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni esa Deutsche Bahn tarmog‘iga ishga joylashtirishga tayyormiz”, — dedi Niko Varbanoff.

Deutsche Bahn — Germaniyaning asosiy temir yo‘l operatori sanaladi. 100% davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyati. Kompaniyaning umumiy aylanma kapitali 76 milliard 303 million yevroni tashkil qiladi.