Yangi O‘zbekiston universitetida iyul oyida jahonning bir qator yetakchi universitetlari professorlari ishtirokida iqtisodiyot bo‘yicha yozgi maktab tashkil etdi. “Gazeta.uz” unda qatnashgan chet ellik olimlardan biri — Viskonsin (AQSh) universiteti sotsiologiya bo‘yicha professori Feliks Elvert bilan oilalar dinamikasi va demografik muammolar haqida, shuningdek, ma’lumotlarning ochiqligi nima uchun muhimligi haqida suhbatlashdi.

— Janob Elvert, tadqiqotlaringiz asosan oila dinamikasini o‘rganadi. Oila tuzilmalaridagi tendensiyalar ijtimoiy mobillik va tengsizlikka qanday ta’sir qiladi?

— Ha, oilaning mobillik va tengsizlik bilan bog‘liq tomonlari juda ko‘p. Keling, fikrlarimni tengsizlikdan boshlay qolaman. Bir qiziq jihat mavjud: oila tengsizlik masalasida ham ijobiy, ham salbiy rol o‘ynaydi. Ijobiy tomoni — hammamiz tushunadigan narsa: oila turmush qurgan ikki kishi uchun ham sug‘urta vazifasini bajaradi.

Bir kishi ishsiz bo‘lib qolsa yoki qandaydir kasallikka yo‘liqsa, tomonlar bunday vaqtda bir-birini qo‘llab-quvvatlab turishi mumkin. Ayniqsa, hali yaxshi rivojlanmagan ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘i hukumat tomonidan boshqariladigan mamlakatlarda (ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlari deganda shaxslar va oilalarga xavf va volatillikni boshqarish imkonini beruvchi, ularni qashshoqlik va tengsizlikdan himoya qiluvchi va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishga yordam beruvchi siyosat va dasturlar nazarda tutiladi — tahririyat).

Bilasizmi, shaxsiy hayotda kuzatilishi mumkin bo‘lgan katta-kichik falokatlardan himoyalanish uchun oila shakllantirish juda muhim. Bu jihat rivojlanayotgan mamlakatlarda nega deyarli hamma turmush qurishini ayniqsa yaxshi tushuntiradi. Shuningdek, oilaning ijobiy tomoni sifatida bolalarni ko‘rsatish mumkin, shunday emasmi? Ayniqsa, keksalikda: ular o‘z ota-onalarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shuning uchun, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda oilalar hajmining kattaligi, odamlar serfarzand ekani ajablanarli emas.

Ammo oilalar va tengsizlik o‘rtasida salbiy bog‘lanish ham bor. Chunki oilalarning o‘zi ham tengsizlik keltirib chiqaruvchi sabab bo‘lishi mumkin. Ular asosan nikoh orqali tengsizlikni keltirib chiqaradi. Chunki bu yerda ham bir fakt bor: odamlar odatda o‘ziga o‘xshash boshqa odam bilan turmush qurishga moyilroq sanaladi. Shundan kelib chiqib, masalan, o‘qimishli ayollar o‘qimishli erkaklarga turmushga chiqishni afzal ko‘radi, boy erkaklar esa yuqori daromadli ayollarga uylanishni afzal ko‘radi.

Demak, bir-biriga o‘xshash odamlar o‘zaro turmush quraversa, shaxs va millatlar o‘rtasidagi individual tengsizlik, qaysidir ma’noda, ikki barobar ortadi, shunday emasmi? Ya’ni, agar boylar kambag‘allar bilan turmush qurganida edi, barcha xonadonlar bir xil va tengsizlik ham kamroq bo‘lardi. Ammo bir-biriga o‘xshash insonlar turmush quraversa, bunday individual tengsizliklar nikoh orqali ko‘payadi va kuchayadi. Biz bunda rivojlanish jarayonini ham hisobga olsak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Bilamizki, umuman olganda, iqtisodiy tomondan rivojlanayotgan davlatda daromadlar tengsizligi qaysidir nuqtaga kelib kuchayadi. Lekin, shu bilan birga, millat qanchalik rivojlangan bo‘lsa, insonlarning o‘ziga o‘xshagan insonlar bilan turmush qurish ehtimoli ham kuchayib boradi. Demak, bu ham haqiqatda rivojlanish tufayli iqtisodiy tengsizlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yana bir mexanizm sanaladi.

— Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan eng dolzarb demografik muammolar qanday? Va siyosatchilar ularga qanday munosabatda bo‘lishlari kerak?

 — Ha, bu juda yaxshi savol. Demografiyaning juda ko‘p jihatlari bor, men ulardan biriga e’tibor qarataman. Biz O‘zbekiston haqiqatda tez o‘sayotgan davlat ekanini bilamiz. Yevropadagi aksariyat mamlakatlar va AQShdan farqli o‘laroq, bu yerda odamlarning o‘rtacha ikki nafardan ortiq farzandi bor. Ya’ni, xalq tez o‘sib bormoqda.

Bu jarayon keltirib chiqaradigan qiyinchiliklardan biri ta’limga tushadi. Ya’ni, O‘zbekistonda bolalar soni ko‘payib bormoqda va ularni kim o‘qitadi, degan savol bor. Ta’lim iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillaridan biri ekanini bilamiz. Hozir O‘zbekiston bu borada juda yaxshi ko‘rinmoqda — savodxonlik darajasi deyarli 100 foiz, mamlakatda uzoq vaqtdan beri shakllanib kelgan maktab tizimi mavjud.

Lekin qiyinchiliklar ham bor. Yaqinda o‘tkazilgan PISA xalqaro qiyoslash dasturining natijalari hayratlanarli — unda O‘zbekistonning natijalari unchalik ham yaxshi bo‘lmadi, 15 yoshli o‘quvchilar o‘rta maktabdagi natijalari bo‘yicha bo‘yicha quyi pog‘onalardan o‘rin oldi.

Shuning uchun savol tug‘iladi: biz bu bilan bog‘liq nima qilishimiz mumkin? Yoki, yanada aniqrog‘i: xalq bu masalaga qanday yondashishi kerak? Javoblardan biri shuki, o‘quvchilar soni ortib borayotganiga ishonchimiz komil bo‘lgani uchun malakali o‘qituvchilarimiz ham bo‘lishini oldindan rejalashtirish kerak.

Bu yerda ikki jihat bor, keling, ulardan biri haqida gaplashamiz. O‘qituvchilar qayerdan keladi? Ular universitetlardan keladi. Bilasizmi, O‘zbekistonda o‘tkazgan bir haftam mobaynida universitetlarni rivojlantirish va universitet sektorini yaxshilash uchun juda jiddiy ahd qilingani meni hayratda qoldirdi. Bu hozirgi suhbatimiz uchun ham ahamiyatli, chunki o‘qituvchilarni, tabiiyki, universitetlar tarbiyalaydi.

Ammo, bilasizmi, biz universitetning qaysi qismini rivojlantirish kerakligi haqida ham o‘ylashimiz kerak. Hozir asosiy e’tibor muhandislik, texnologiyaga qaratilayotgandek. Bu — ajoyib. Ammo ta’lim, pedagogika, ijtimoiy fanlarga ham teng e’tibor qaratish kerak, chunki kimdir o‘qituvchilarga nafaqat matematikani, balki bu ko‘p sonli yosh bolalarga matematikani qanday o‘qitish kerakligini ham o‘rgatishi lozim. Menimcha, bu muhim jihatlardan biri.

Yana bir muhim jihat va yaxshi yangilik shundaki, o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni rejalashtirish mumkin. Men qandaydir qattiq kvotalarni nazarda tutmayapman, lekin, bilasiz, biz kelajakdagi talabni qondirish uchun qancha o‘qituvchi ta’lim olishi kerakligini mohiyatan modellashtirishimiz mumkin. Bilasizmi, odatda jamiyatlarni rejalashtirish juda qiyin. Gap 37 mln aholi haqida ketyapti va ularning barchasi o‘z fikriga ega. Buni rejalashtirish shunchaki juda qiyin.

Ammo o‘qituvchilar ta’limi nuqtai nazaridan bu juda oson. Chunki biz ishlatadigan barcha ma’lumotlar ma’lum. Siz hozir O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning sonini bilasiz va yosh tarkibini bilasiz — ya’ni qachondir qancha odam nafaqaga chiqishini ham bilasiz. Qancha odam kasbini tark etishini ham bilasiz. Shu bilan birga, sizda tug‘ilish darajasi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar mavjud.

Deylik, hozir katta tug‘ilish to‘lqini bor. Bu bolalar maktabga chiqquniga qadar ularning o‘qituvchilarini o‘qitish uchun davlatda olti yil vaqt bo‘ladi. Buni rejalashtirish mumkin va, bilasizki, bu ta’lim sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Menimcha, buni amalga oshirish juda muhim, chunki ta’limga, sifatli ta’limga ehtiyoj juda katta.

— Dunyo miqyosida aholining qarishi jarayoni kuzatilayotgan vaqtda keyingi 20 yil ichida qaysi demografik tendensiyalar eng muhim ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga ega bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

— Aholining qarishi — muhim mavzu, ammo aholining qarishi ma’lum bir mamlakatlarga bevosita ta’sir qiladi, boshqa mamlakatlar uchun esa bilvosita ta’sirga ega. Rivojlangan dunyoda, Yevropa va anglo-sakson davlatlarida hamda Osiyoning rivojlangan davlatlarida aholi tez qarib bormoqda. Agar siz Italiya yoki AQSh haqida gapirayotgan bo‘lsangiz — u yerda ma’lum darajada, Germaniya, Koreya va Yaponiya haqida bo‘lsa — u yerda aholi muttasil qarib bormoqda.

Ular uchun asosiy muammo, albatta, pensiya tizimi va butun ijtimoiy muhofaza tarmog‘i, chunki ishlaydigan yoshdagi aholiga bilan ishlamaydigan aholi nisbati yomonlashadi. Endi kamroq yosh, faol, ish bilan band bo‘lganlar ko‘proq keksa odamlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu — o‘tkir muammo. Hozir O‘zbekiston qariyotgani yo‘q, O‘zbekiston yosharib boryapti. Demak, shu ma’noda, eng rivojlangan davlatlarning bu kabi muammolari siz uchun katta zarar yetkazadigan muammo emas.

Ammo bilvosita ta’sirlar ham bor. Chunki bu holat rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga ham, eksportga yo‘naltirilgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi. Aholining qarishi butun dunyo bo‘ylab mamlakatlarga ta’sir qilishning yana bir tomoni, albatta, immigratsiyadir. Yevropa va anglo-sakson dunyosidagi rivojlangan davlatlar migratsiya kuchayib borayotganini ko‘rmoqda.

Ularda migratsiyani rag‘batlantirish va ko‘paytirish kerakmi, degan jiddiy bahslar bor. Endi odamlar qayerdan keladi? Ular Osiyodagi yosh davlatlardan keladi. Demak, aytaylik, Germaniya va Koreyaning qarib borayotgani O‘zbekiston uchun ham mazkur migratsiya ta’sirini olib kelishi mumkin.

— Rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘pincha ma’lumotlar bilan bog‘liq cheklovlarga duch keladi. Sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq va demografik ma’lumotlar masalasida tadqiqotchilar ushbu qiyinchiliklarni qanday yengishi mumkin? Va O‘zbekiston ijtimoiy siyosatini yaxshilash uchun demografik ma’lumotlardan qanday foydalanishi mumkin?

— Ha, ma’lumotlar muhim. Faktlar ma’lumotlarni anglatadi. Faktlar siyosatni rejalashtirish uchun zarur, chunki faktlarni bilmay turib, oqilona siyosat yuritish juda qiyin. Muhim narsalardan yana biri shuki, ma’lumotlar nafaqat hukumat, balki fuqarolik jamiyati uchun ham ochiq bo‘lishi lozim. Hukumat qanchalik daho bo‘lishidan qat’i nazar, faktlarni aniqlash va ularni tegishli kontekstga qo‘yishda tadqiqot hamjamiyati bilan almashishdan foyda oladi.

O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonda real imkoniyatlar mavjud. O‘zbekistonda ma’lumotlar yig‘ish infratuzilmasi allaqachon yaratilgani hech kimga sir emas. Uning turgan-bitgani foyda. Butun mamlakat bo‘ylab ma’lumotlarni to‘playdigan professional apparatga ega Statistika agentligi bor.

Tadqiqotchi sifatida men bu ma’lumotlar tadqiqot hamjamiyati uchun ko‘proq ochiq bo‘lishini istardim. Chunki qancha ko‘p odam ma’lumotlar bilan ishlasa, ulardan shunchalik ko‘p o‘rganasiz. Ta’limni rivojlantirish zarurligi haqida gaplashdik. Bu keysdagi kabi, o‘sishni va tajovuzkor o‘sishni istaydigan universitetlar oldida turgan bir muammo, bu — ular tadqiqotchilar uchun jozibador bo‘lishi kerak.

Men kabi odamni nima o‘ziga jalb qiladi? Ha, odamga munosib maosh to‘lash kerak. Bu odamlar o‘ylaydigan birinchi narsa. Ammo haqiqatan ham tadqiqot qilish uchun ma’lumotlar kerak. Biz kabi tadqiqotchilar O‘zbekistonga kelib, bu yerda oxir-oqibat Buyuk Britaniya yoki Fransiya haqida tadqiqot olib borishga majbur bo‘ladigan holatga tushishni istamaymiz. Ular O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqot olib borishga qodir bo‘lishi kerak.

O‘ylaymanki, bu yerda mavjud ma’lumotlar infratuzilmasi universitet sektorini tadqiqotchilar uchun yanada jozibador qilish uchun ma’lumotlarni taqdim etishiga haqiqiy imkoniyat bor, ular bu yerga kelib, shu yerda qoladi.

Bundan tashqari, men so‘nggi haftalarda uchrashgan bu ajoyib talabalar… Bu men uchun juda ta’sirli mavzu. Ular o‘z yurtini o‘rganish, bu yerdagi taraqqiyotga hissa qo‘shish uchun “yonib turibdi”. Ammo ular bizdan buni qanday amalga oshirish mumkinligini so‘rashadi. Buni qanday qilish mumkin? Birinchisi — ma’lumotlar masalasi.

Menimcha, bu ma’lumotlarni taqdim etish uchun davlat idoralari va tadqiqot sektori o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘lishi kerak. Uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha milliy so‘rovnoma bo‘lsa juda yaxshi ish bo‘lar edi, to‘g‘rimi? Bilasizmi, O‘zbekistondagi uy xo‘jaliklari haqidagi uzoq muddatli ma’lumotlar ijtimoiy so‘rovnomalar orqali shakllantiriladi. Ma’lumotlarga ega chiqishning yana bir usuli bor, bu hukumatga ma’lum bo‘lgan ma’muriy ma’lumotlar.

Butun dunyoda hukumatga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarga “yetib borish” qiyin. Ularning maxfiyligi bo‘yicha har doim aniq cheklovlar mavjud. Biz odamlarning sirini ko‘chada tarqatishni istamaymiz, lekin maxfiylikni saqlash, odamlarni himoya qilish va shu bilan birga siyosatni shakllantirish uchun ushbu ma’lumotlarning kuchidan foydalanish mumkin. Menimcha, bu aniq o‘rganib chiqilishi lozim bo‘lgan yana bir imkoniyat.