O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganiga izoh berdi.

Germaniya bozorida tibbiyot va transport sohasi mehnat resurslariga muhtoj, shuning uchun O‘zbekistonda xohlovchilar uchun nemis tilini o‘qitish kurslari tashkil etiladi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, ular uyushgan holda Germaniyaga boradilar, dedi u.

“Bu shaffof, tashkillashtirilgan migratsiya jarayonini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Bugun biz Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l kompaniyasi bilan avtobus va temir yo‘l haydovchilarini tayyorlash va Globogate bilan hamshiralarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu yilning o‘zida O‘zbekistondan 800 dan ortiq hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilmoqda, ulardan 400 nafari kelib bo‘lishdi, qolganlari til imtihonlarini topshirmoqda. Ularning ish haqi kamida 2200 yevroni tashkil qiladi”, — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik mutaxassislarga Germaniyaning mashinasozlik, transport va tibbiyot sohalarida yuqori texnologiyalarni o‘qitish uchun ham imkoniyat yaratiladi.

“Ushbu kelishuvni tarixiy deb atasa bo‘ladi. Misol uchun, Hindiston va Germaniya o‘rtasida ushbu shartnoma 6 yil davomida tayyorlangan bo‘lsa, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik munosabatlarni ahamiyatga olgan holda, ushbu murakkab hujjat bir yil ichida tayyorlandi va imzolandi. Bugungi bitim 1−5 yillik muddatni emas, balki 10−20−30 yillik muddatni o‘z ichiga oladi”, — dedi Behzod Musayev.

Shartnomada, shuningdek, soddalashtirilgan viza tartib-qoidalari ko‘rib chiqilgan, Germaniyadan ko‘plab ish beruvchilar bilan bunday shartnomalarni imzolash rejalashtirilgan, dedi u.

2022-yil aprel oyida tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Shveysariyaning “Globogate Concept AG” tashkiloti bilan hamkorlikda Germaniyaning tibbiyot muassasalariga o‘rta darajadagi tajribali hamshiralarni jalb qilish dasturi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. 2024-yilning avgust oyi oxirida agentlik nemis tili bo‘yicha til kurslariga yozilish davom etayotgani haqida xabar berdi.

Mart oyida bandlik vazirligi rahbari va Germaniya Mangold Consulting kompaniyasi prezidenti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniyadagi 1000 dan ortiq shifoxonalarda tibbiyot xodimlari yetishmasligi, metallurgiya, logistika va transportda ishchi kuchiga talab ham kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston bu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyorligini bildirdi.