O‘zbekistonda 23-sentabrdan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun arizalar qabul qilish boshlanadi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son farmoni ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli parametrlari doirasida arizalar qabul qilishning ikkinchi bosqichi joriy yilning 23-sentabr kuni soat 09:00 da boshlanadi.

Vazirlik, shuningdek, ijtimoiy mezonlarga muvofiq, subsidiya olish uchun fuqarolarga yanada kengroq imkoniyat yaratish maqsadida ularning daromadlarini inobatga olish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganini qayd etgan. Endilikda ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin bo‘ladi.

Fuqarolar subsidiya uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda ariza topshirishi mumkin. Bunda ariza beruvchi va/yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlarining) o‘rtacha daromad miqdori:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming so‘m) 8 baravarigacha (8 mln 400 ming so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming so‘m) 9,2 baravarigacha (9 mln 660 ming so‘mgacha) bo‘lishi zarur.