Toshkent shahridagi 1-Respublika tibbiyot texnikumi bazasida nemis tibbiy-ta'lim dasturlari asosida “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil etiladi, deb xabar berdi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Samarqandda Bandlik vazirligi hamda Germaniyaning Globogate Concept AG konserni o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasida bu haqda belgilab qo‘yildi. Akademiya davolash bo‘yicha Yevropadagi ikkinchi yirik universitet klinikasi Aaxen bilan birgalikda ochiladi.

“Bir yil davomida kasb va til o‘rgatiladi. Muhimi, ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qo‘lga kiritadi”, — dedi Globogate Concept AG konserni bosh direktori Sang Vu Pay.

Shartnomada fuqarolarning huquqlari ikki davlat qonunlari bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

“Shu vaqtgacha Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash istagida bo‘lgan hamyurtlarimiz ushbu davlatga borgach, 6−8 oy vaqtini moslashish uchun sarflagan. Yangi loyihaga ko‘ra bunday bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi vazirlik.

Avvalroq bandlik vaziri Behzod Musayev O‘zbekiston va Germaniya hamshiralarni tayyorlab berishga kelishib olgani haqida gapirgandi. Uning ta’kidlashicha, bu yil Germaniyaga 800 nafar o‘zbekistonlik hamshiralar yuborilmoqda, ularning ish haqi kamida 2200 yevro. “Ulardan 400 nafari kelib bo‘lishdi, qolganlari til imtihonlarini topshirmoqda”, — degan u.

2022-yil aprel oyida tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Shveysariyaning “Globogate Concept AG” tashkiloti bilan hamkorlikda Germaniyaning tibbiyot muassasalariga o‘rta darajadagi tajribali hamshiralarni jalb qilish dasturi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. 2024-yilning avgust oyi oxirida agentlik nemis tili bo‘yicha til kurslariga yozilish davom etayotgani haqida xabar berdi.

Mart oyida bandlik vazirligi rahbari va Germaniya Mangold Consulting kompaniyasi prezidenti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniyadagi 1000 dan ortiq shifoxonalarda tibbiyot xodimlari yetishmasligi, metallurgiya, logistika va transportda ishchi kuchiga talab ham kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston bu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyorligini bildirgan.