Londonning asosiy savdo ko‘chasi — Oksford-strit — piyodalar hududiga aylantiriladi. Britaniya poytaxti meri Sodiq Xon taqdim etgan reja allaqachon hukmron Leyboristlar partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Meriya bayonotida aytilishicha, rejalashtirilgan o‘zgarishlar Oksford-strit va uning atrofidagi hududlarga tashrif buyuruvchi xaridorlar, aholi, ishchilar va sayyohlar uchun sharoitlarni “sezilarli darajada yaxshilaydi”, “poytaxtning bu qismiga avvalgi shon-shuhratini qaytaradi”.

Shahar meriyasi rejasiga ko‘ra, Oxford Circus chorrahasi va Marble Arch metro bekati o‘rtasidagi 1,1 km. lik maydon transportlar harakati uchun yopiladi, deya aniqlik kiritdi BBC. Loyiha qiymati 150 million funtga baholanmoqda.

Foto: 2017-yildagi reja. Mayor of London

“Oksford-strit bir vaqtlar Britaniya chakana savdosining gavhari bo‘lgan, ammo so‘nggi o‘n yil ichida u juda ko‘p zarar ko‘rganiga shubha yo‘q”, — dedi Sodiq Xon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘chaning “yana dunyoning yetakchi chakana savdo nuqtasiga aylanishini” xohlaydi va “hududni sezilarli darajada yashil, toza va hamma uchun xavfsizroq” qilishni maqsad qilgan.

Xonning so‘zlariga ko‘ra, Oksford-stritning piyodalar hududiga aylantirilishi iqtisodiy faollikning oshishiga va soliq tushumlarining o‘sishiga olib keladi, shuningdek, Londonning tungi iqtisodiyotiga turtki beradi.

Meriya ma’lumotlariga ko‘ra, Oksford-stritga har kuni 500 mingga yaqin odam tashrif buyuradi va bu poytaxt yalpi qo‘shilgan qiymatining qariyb 5 foizini ta’minlaydi.

Bu London rasmiylarining Oksford-stritni piyodalar hududiga aylantirish bo‘yicha birinchi urinishi emas. 2017-yilda e’lon qilingan reja o‘shanda Konservativ partiya nazorati ostida bo‘lgan Vestminster shahri kengashi tomonidan bloklangan.

Kengashning hozirgi rahbari Styuart Lavning aytishicha, ko‘chada piyodalar harakatlanishi “amaliy qiyinchiliklar” tug‘diradi, ammo u bu masala bo‘yicha mer bilan “konstruktiv ishlash” niyatida.