2,5 yil davom etgan keng masshtabli urush davomida Rossiya va Ukraina tomondan halok bo‘lgan va yaralangan harbiy xizmatchilar soni million kishiga yetdi, deb yozmoqda The Wall Street Journal (WSJ) Ukraina manbalari va G‘arb razvedka ma’lumotlariga tayanib.

Nashrning ta’kidlashicha, aniq yo‘qotishlarni hisoblash mushkul, chunki na Rossiya, na Ukraina rasmiy ma’lumotlarni e’lon qiladi yoki “ko‘pchilik ishonmaydigan raqamlarni” keltiradi.

Ukrainaning yil boshidagi maxfiy hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari soni 80 mingni, yaradorlar soni esa 400 ming kishini tashkil qilgan.

G‘arb razvedkasining Rossiya yo‘qotishlari haqidagi hisob-kitoblari turlicha: ba’zi manbalarga ko‘ra, qurbonlar qariyb 200 mingga, yaradorlar soni esa 400 mingga yaqin.

WSJ katta yo‘qotishlar Rossiya uchun muammo tug‘dirayotganini yozarkan, bu aholisi undan ancha kam bo‘lgan Ukraina uchun “sezilarli darajada halokatli” ekanini qayd etdi.

Hisobotda aytilishicha, yuqori va tez ortib borayotgan qurbonlar soni urushdan oldin aholi sonining qisqarishi bilan kurashayotgan ikkala davlat uchun ham uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi.

Bundan tashqari, urush aholining ko‘chishiga ham olib keldi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil fevral oyida bosqin boshlanganidan beri 600 mingga yaqin odam Rossiyadan ketgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 6 milliondan ortiq odam esa Ukrainani tark etgan.