17-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida ikkinchi “Markaziy Osiyo — Germaniya” sammitida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya kansleri Olaf Shols, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

“Biz Germaniyaning mamlakatlarimizda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, Markaziy Osiyodagi hamkorlik va integratsiyani qat’iy hamda o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz”, — dedi Mirziyoyev.

“Biz bugun Germaniyani barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishda muhim hamkorlarimizdan biri sifatida ko‘ramiz”, — dedi u.

гyerмания, марказий осиё — гyerмания, шавкат мирзиёев

O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha qarashlarni ma’lum qildi.

1. Uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish.

“Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun „Markaziy Osiyo — Germaniya“ tahliliy markazlari Forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yili mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri, nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan Xivada o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

2. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.

Davlat rahbari O‘zbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 mlrd yevrodan oshganini qayd etdi. Ular energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yo‘l xaritasini ishlab chiqish; chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi hamda mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarni amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish; doimiy biznes-muloqot maydonchasi — “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish kabilarni taklif qildi.

U birinchi uchrashuvni kelgusi yili Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

3. Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xom-ashyo resurslari sohasida sheriklik.

“Mintaqamiz foydali qazilmalarga boy. Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada bizning muhim sheriklarimiz bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda gap geologiya razvedkasi, jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda”, — dedi u.

O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlardagi bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor.

4. “Yashil” energetika.

O‘zbekiston rahbari so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinayotgani, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilayotganini alohida ta’kidladi.

“Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz. Biz Germaniya texnik ko‘magini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdormiz”, — dedi Mirziyoyev.

5. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish.

Ekspertlar prognoziga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlariga nihoyatda bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘rtacha haroratning oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proq bo‘lmoqda.

Shavkat Mirziyoyev “Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasi ishga tushirilgani va iqlim o‘zgarishlariga mintaqaning moslashuviga ko‘mak uchun nemis tomoniga minnatdorlik bildirdi.

“Biz Atrof muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirishdan, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz”, — dedi u.

6. Transport yo‘laklarini rivojlantirish.

Prezidentning aytishicha, transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda.

“Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya ko‘magiga tayanamiz. Kelgusi yili ushbu yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazirlar qo‘shma konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident yana nimalar haqida gapirdi?

O‘zbekiston rahbari madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma reja qabul qilish tarafdori ekanini ta’kidlab, Germaniyaning yirik shaharlarida Markaziy Osiyo san’ati va kinosi kunlarini o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili Berlin yangi muzeyida mintaqa madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazma bunday tadbirlarni doimiy tashkil etish zarurligini yana bir bor tasdiqlagan. Ko‘rgazmaga bir necha oy davomida milliondan ortiq Germaniya poytaxti aholisi va mehmonlari tashrif buyurgan.

“Ilmiy-ma’rifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliygohlar sherikligi uchun platformani ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlari nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz. Shu yozda Gyottingen shahrida o‘tgan Butunjahon olimpiadasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining g‘alaba qozongani ham yoshlarimizning nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan yuksak qiziqishiga yorqin misoldir”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

O‘zbekiston terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishni muhim deb biladi, deya ta’kidladi prezident.

“Markaziy Osiyodagi xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afg‘onistonda ro‘y berayotgan jarayonlar bilan uzviy bog‘liqdir. O‘z muammolari bilan deyarli yakka o‘zi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim, deb hisoblaymiz”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklar bilan ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, Termizdagi ta’lim markazida kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni, Afg‘oniston tinch hayoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

“So‘zimning nihoyasida shuni alohida ta’kidlamoqchiman, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Germaniya ko‘p qirrali hamkorlik salohiyatini yanada to‘liqroq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdordir”, — dedi prezident.