O‘zbekiston va AQSh foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muhim foydali qazilmalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat 16-sentabr kuni Toshkentda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2023-yilning sentabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammitda AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari foydali qazilmalar bo‘yicha muloqot boshlash niyatida ekanliklarini ma’lum qilishgan. Ushbu memorandum AQSh va O‘zbekiston tomonidan mazkur sa’y-harakatlarni ilgari surish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ilk qadamlardan biri hisoblanadi.

“Mazkur hujjat geologiya-qidiruv, foydali qazilmalarni qazib olish va yuqori qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratish yo‘lida AQSh — O‘zbekiston muloqotini davom ettirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

ақш - ўзбекистон, geologiya, foydali qazilmalar

“Minerallar va nodir yer elementlari toza energiya hamda boshqa texnologiyalar uchun zarur bo‘lib, bizning iqtisodiyotimizda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatiga xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. O‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek, global tog‘-kon sanoati sohasida yuqori ekologik, mehnat va boshqaruv standartlarini ta’minlashga qaratilgan umumiy maqsadimizni o‘zida aks ettiradi”, — deyiladi AQSh elchixonasi axborotida.

“Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston kelajakning energetika landshaftini shakllantiradigan mustahkam va xavfsiz ta’minot zanjirlariga ega bo‘lish uchun birgalikda ishlashi kerak. Ushbu memorandum global mineral ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va ikki tomonlama savdo aloqalarimizni kengaytirish bo‘yicha umumiy majburiyatimizni namoyish etadi”, — dedi elchi Jonatan Henik.

Ta’kidlanishicha, hujjat O‘zbekiston delegatsiyasining 24−26-sentabr kunlari Las-Vegas shahrida (AQSh, Nevada shtati) bo‘lib o‘tadigan MINExpo INTERNATIONAL — tog‘-kon sanoatidagi eng yirik tadbirida ishtirok etishi arafasida imzolandi.