Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi bilan bog‘liq navbatdagi holatlarni aniqladi.

Xususan, “Mikrokreditbank”, “Biznesni rivojlantirish banki” hamda “Turonbank” va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularning 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.

  • “Mikrokreditbank”ning 94 nafar boshqaruv xodimi 96 ta tadbirkorlik subyektida;
  • “Biznesni rivojlantirish banki”ning 41 nafar boshqaruv xodimi 46 ta tadbirkorlik subyektida;
  • “Turonbank”ning 13 nafar boshqaruv xodimi 13 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha agentlik tomonidan mazkur banklarga taqdimnomalar kiritildi. Banklar taqdimnomalarni tanqidiy muhokama qilib, tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari bermoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida agentlik Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklaridagi 398 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aniqlagandi. Shuningdek, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida tadbirkorlik qilib kelgan yana 107 nafar boshqaruv xodimlariga ogohlantirish xatlari berilgan.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shu bilan birga, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.