Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida seshanba, 17-sentabr kuni to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu ma’lumotni O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari bo‘lgan. Ularning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Bir kun avval Boysun tumanidagi bir nechta manbalar, jumladan, shifoxona xodimlari to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Jabrlanganlar soni aniqlashtirilmoqda.

Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan bir nechta jabrlanganlar borligi ma’lum. Ularning barchasiga ham kasalxonaga yotqizish zarurati bo‘lmagan. Soat 16:00 holatiga shifoxonada bir nafar ishchi bo‘lgan.

Chorshanba kuni Toshkentdagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura vakillari avariya oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani rostmi, degan savolga tasdiq javobini berdi.

Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevga hodisa sodir bo‘lishi bilanoq xabar berilgan. U tegishli topshiriqlar berib, real vaqt rejimida vaziyat haqida ma’lumot olmoqda.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga mas’ul vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yetib borgan. Mahalliy tuzilmalarga avariya oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

Hodisa tafsilotlari va boshqa ma’lumotlar kechqurun Boysun tumanida bo‘lib turgan favqulodda vaziyatlar va energetika vazirlari tomonidan e’lon qilinishi kutilmoqda.