13-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2024-yil hosili yig‘im-terim davrida jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan fyuchers kotirovkalari bo‘yicha paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari bir tonnasi uchun qariyb 6 mln 800 ming so‘mni tashkil etadi. Shu munosabat bilan, birinchi nav ikkinchi sinf bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m (yil boshidan) deb e’lon qilindi.

Fyuchers shartnomalari — birja tovarini yetkazib berishni yoki birja tovarini yetkazib bermagan holda shartnoma taraflari o‘rtasida hisob-kitoblar amalga oshirilishini nazarda tutadigan, kelgusida bajarish majburiyati bilan tuziladigan hosila moliyaviy vositalarning oldi-sotdi shartnomalari.

Jahon bozorida paxta tolasining narxlari keskin pasayib ketgani sharoitida hukumat ishlab chiqaruvchilar va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi choralarni kiritdi:

  • paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan bir tonna paxta xomashyosi uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan paxta xomashyosi va paxta chigiti bundan mustasno);
  • paxta xomashyosining sotish narxi 6,8 mln so‘mdan kam bo‘lmasligini inobatga olgan holda 2024-yil uchun paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv tuziladi;
  • 2024-yil hosilidan fyuchers shartnomalaridan tashqari paxta xomashyosini birja savdolariga chiqarishda uning boshlang‘ich narxini bir tonnasi uchun 6,8 mln so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorida e’lon qilinadi;
  • 2024-yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish xizmati bahosining 20 foizi, biroq 250 ming so‘mdan oshmagan qismi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Mazkur qaror doirasida ajratilgan subsidiya birinchi navbatda paxta yetishtiruvchilarning 2024-yil hosili paxta xomashyosini yetishtirish uchun olgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltiriladi. Bunda imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish uchun to‘langan mablag‘lar tijorat banklarining jamg‘arma oldidagi qarzdorligini qoplashga yo‘naltiriladi.

Imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorlik qoplangandan so‘ng, subsidiya soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplashga, qolgan mablag‘lar paxta yetishtiruvchilarning asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi. Ya’ni fermerlar bu mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasarruf eta olmaydi.

Ushbu qarorga muvofiq subsidiya to‘lash uchun ajratiladigan mablag‘larning hisobvaraqlardagi debet aylanmasidan bank xizmatlari uchun haq undirilmaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mazkur qaror doirasida yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun jamg‘armaga davlat budjetidan 5 yil muddatga 3,5 trln so‘mgacha foizsiz budjet ssudasi ajratadi.

Mazkur jamg‘arma mablag‘laridan hukumatning 2024-yil 25-iyuldagi qarori doirasida to‘qimachilik klasterlari bilan shartnoma tuzgan (fyuchers, spot yoki vaqtincha saqlash) fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kreditlar berishga, shuningdek, o‘z tomorqasida paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga hosilni yig‘ib olish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ruxsat berildi.

Imtiyozli kreditlar 10 oy muddatga yillik 10 foiz stavkada (2 foizli bank marjasi) paxta qiymatining 20 foizi miqdorida 3 oylik imtiyozli davr va so‘nggi 7 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan ajratiladi.

Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi ajratilgan subsidiyalar hisob-kitoblarining to‘g‘riligi va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

Hukumat paxta xomashyosi narxini belgilash jarayoniga davlat organlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aralashuvini qat’iyan man qildi.

Paxta narxi qanday shakllanadi?

Ko‘p yillar davomida davlat paxtaning eng kam sotib olish narxini belgilab kelgan, bu odatda jahon narxidan past bo‘lgan. Biroq 2023-yilda paxta xomashyosining ichki va jahon narxlari o‘rtasidagi katta farq tufayli klasterlarga 6 trln so‘m (500 mln dollarga yaqin) zarar yetgan. 2022-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining minimal xarid narxi 1 kg uchun 10 025 so‘m etib belgilagan.

O‘tgan yilning oktabr oyida prezident qishloq xo‘jaligida yondashuvlarni o‘zgartirish, to‘g‘ri saboqlar chiqarish zarurligini aytgan edi.

Prezidentning 2023-yil 12-dekabrdagi farmoni bilan 2024-yil hosilidan boshlab fermerlarga qisman erkinlik berildi. Paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida xomashyo yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi”da har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolar natijalariga ko‘ra tuziladi.

Fermerlar fyuchers shartnomasiga muvofiq yetkazib berilishi lozim bo‘lgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan xomashyoni, shuningdek, mazkur xomashyodan tayyorlangan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni bevosita fyuchers shartnomasi tuzilgan klaster, shuningdek, birjadagi istalgan boshqa subyektga sota oladi.

Boshlang‘ich narx paxta tolasining Nyu-York fond birjasidagi oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanishi kerak.

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov “Anhor.uz”ga uchun yozgan maqolasida hukumat 7,8 mln so‘m miqdoridagi “tavsiya etilgan narx“ni belgilashda (fyucherslar fevral-mart oylarida tuzilgan) o‘sha davrdagi mavsumiy yuqori narxlarga asoslanganini aytgan, bu paytda trend ko‘tariluvchi edi.

Kuzga kelib, Nyu-York fond birjasida narx tushib ketdi va endi qayta hisoblash usuliga ko‘ra, 1 kg uchun 6000 so‘m chegarasiga yaqinlashmoqda. Qo‘shni Qozog‘istonda paxtani undan ham arzonroq sotib olish mumkin.

“To‘qimachilik fabrikalariga jahon bozoridan sotib olish foydaliroq. Aks holda, ular xomashyoni arzonroq sotib olganlar bilan shunchaki raqobatlasha olmaydi. Qolaversa, 2024-yildan boshlab paxta yetishtirish uchun zarur bo‘lgan resurslarni sotib olish uchun imtiyozli kreditlar va turli subsidiyalardan mahrum bo‘lishgan (endi fermerlar ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oladi). Bular esa ko‘plab klasterlar uchun yaxshi yordam edi”, — dedi u.

Natijada klasterlar fermerlarga paxtani arzonroq narxda sotishga rozi bo‘lishlari uchun bosim o‘tkaza boshlaydi, deydi muallif.

Fermerlardan biri 13-sentabr kuni klaster bilan yil boshida tuzilgan shartnomaga ko‘ra paxta sotib olish narxi 7800 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1 kgni 6000 so‘mdan taklif qilayotganidan shikoyat qildi.

Ba’zi klasterlar jarima to‘lashga tayyor (10 foiz), lekin paxtani noqulay narxda sotib olishga rozi emas, deya qayd etdi Yuliy Yusupov.

Shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish fermerlar zararigami?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, “jahon bozorida paxta narxining pasayishi” sababli qish faslida tuzilgan fyuchers shartnomalari fermerlar zarariga qayta ko‘rib chiqilmoqda, klasterlar esa budjetdan moliyaviy yordam olishmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston paxtasi bir necha yildan buyon tashqi bozorga chiqarilmagan.

“Ya’ni, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxta global paxta bozorining ishtirokchisi emas, tabiiyki, uning narxlari o‘zbek paxtasiga qayerda jismoniy talab bo‘lsa, o‘sha joyda shakllanishi kerak. Ya’ni O‘zbekistonning ichida”, — deydi u.

Bugungi kunda O‘zbekistonda paxta narxi shakllanishiga global paxta bozoridagi narxlar haqidagi axborotlar bilvosita ta’sir o‘tkazadi.

“Lekin global paxta bozori ishtirokchilaridan ochiq bozorga paxtasini olib chiqadigan Misr, AQSh va Avstraliyadan O‘zbekistonga paxta keltirish qanchaga tushadi? Boj umuman yo‘q, deb tasavvur qilganimizda ham? E’tibor qilingki, paxta hajmiga nisbatan transportirovkasi juda qimmat tovar. Va shuning uchun ham, aytaylik, klasterlarimiz hatto qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Tojikistondan paxta import qilishga shoshilishayotgani yo‘q”, — dedi ekspert.

Uning fikricha, xomashyo paxta narxlarining “o‘ynab” turishi normal va foydali holat o‘laroq qabul qilinishi kerak.

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va sotib oluvchilar tomonlarning risklariga muvofiq va taqsimlagan holatda fyuchers bitimlari tuzishadi. O‘zingiz o‘ylang, agarda fevralda paxta 8 ming so‘m emas, 6 ming so‘m bo‘lganida bironta fermer o‘z ixtiyori bilan risk qilib paxta ekarmidi? Klaster kuzda oladigan paxtasi 8 ming so‘m bo‘lishini kecha emas, fevralda bilgan-ku, o‘z ixtiyori bilan shartnoma tuzgan-ku!”, — dedi Bakirov.

Davletovuz blogi muallifi, jurnalist Qobil Xidirovning aytishicha, hukumat qarori fermerlar tomonidan salbiy qabul qilinganini ularning ijtimoiy tarmoqlardagi, turli pabliklardagi fikrlaridan ham bilsa bo‘ladi. Sababi “tomdan tarasha tushgandek mavsum arafasida paydo bo‘lib qolgan hujjat tarqoq va himoyasiz fermerlarni emas, ko‘proq mahalliy va markaziy hokimiyatga qovushib ketgan klasterlar foydasiga qaratilgan”.

“Bu fyuchers narx shakllanishini va vaziyatni manipulyatsiya qilib, fermerlarning yana nonini tuya qilishga urinishdan boshqa narsa emas. Klasterlarga yordam fermerlarning cho‘ntagi, reja-maqsadlari hisobidan amalga oshirilmasligi lozim. Paxtaning fyuchers narxi tushmaganda, balki ko‘tarilganda fermerga shartnomani qayta tuzishga hech kim hujjat chiqarib bermasdi-ku!”, — dedi u.

Muallifning ta’kidlashicha, hukumat “eng quyida eng katta ish beruvchi, ishlab chiqaruvchi” bo‘lgan fermerlarning ham fikrini eshitishi lozim. “Qaror esa bir tomonlama yondashuv asosida chiqarilgan”.

“Ayrim amaldorlarning manipulyativ o‘yinlari fermerni xonavayron qilmasin”, — dedi u.

Ta’kidlash joizki, hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan va ixtisoslashgan guruhlarda fermerlar hukumat qaroridan boshi qotgan. Ularda hujjat matni bo‘yicha savollar bor.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, klasterlar shartnomalarni o‘z foydasiga talqin qilib, qishki shartnomani qayta tuzishni va 1 kg uchun narxni 1000 so‘mga kamaytirishni talab qilishmoqda. Ya’ni, agar fermer va klaster fevral oyida 7600 dan 8500 so‘mgacha fyuchers shartnomasini tuzgan bo‘lsa (Surxondaryo va Qashqadaryoda paxta sifati yuqori bo‘lgani uchun narxlar baland), endi narx 7500 so‘mni tashkil etadi, 1000 so‘m esa subsidiya sifatida ajratiladi, lekin bu mablag‘ kreditlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.

Qolaversa, fyuchers shartnomasidan tashqaridagi paxta ortiqchasini sotish narxini cheklash haqida xabarlar ham bor.

Fermerlar, shuningdek, paxtani qabul qilayotgan klasterlar tomonidan to‘lovlar kechikayotganini bildirgan. Natijada fermer xo‘jaliklarida paxta teruvchilarni jalb qilish va ularga haq to‘lash uchun mablag‘ yetarli emas. Shu sababli, ayrim hududlarda yollangan ishchilar past narxda (1 kg uchun 1300−1500 so‘m, o‘tgan yili ko‘proq to‘lanardi) paxta terishdan bosh tortishmoqda.

O‘tgan yili paxta-to‘qimachilik klasterlari fermer xo‘jaliklari bilan keyingi yilgi paxta xomashyosini yetishtirish uchun fyuchers shartnomalarini 1-oktabrgacha (2023-yilgi hosil uchun 2023-yil 1-fevralgacha) tuzishlari kerak edi. Otabek Bakirov shartnomalar narxlar pasaygandan keyin tuzilganini ta’kidlagan.

Iyul oyida prezident paxta klasterlari uchun kredit to‘lash muddati yangi muddatga kechiktirilishini e’lon qilgan edi.

O‘shanda “Gazeta.uz”ning to‘qimachilik tarmog‘idagi suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, klasterlar fermerlardan hosilni sotib olish uchun O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan (mamlakatning suveren jamg‘armasi) imtiyozli kreditlar olishgan. Kredit miqdori va foizlari oshkor qilinmagan, chunki kreditlar yopiq hujjat asosida ajratilgan. Biroq ko‘plab klasterlar qarzni o‘z vaqtida to‘lay olishmagan va muddatni uzaytirishni so‘rashgan. Qarzni to‘lash muddati bir yilga uzaytirilgan, lekin bu vaqt yetarli bo‘lmagan. Tadbirkorlar yana muddati uzaytirilishini, 2025-yil aprelgacha vaqt berilishini so‘rashgan, chunki ularga 2024-yilda xomashyo sotib olish uchun mablag‘ kerak.

Avgust oyida to‘qimachilik korxonalariga paxta xomashyosini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Kredit miqdori paxta tannarxining 20 foizigacha, yillik 10 foizdan 10 oygacha bo‘lgan.