Livanning “Hizbulloh” qurolli guruhi a’zolarida bir vaqtning o‘zida peyjerlar (ovozli xabarlarni qabul qiluvchi simsiz telekommunikatsiya qurilmasi) portlaganda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi va 3000 ga yaqin kishi yaralandi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki portlashlar 17-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 15:30 da sodir bo‘lgan va Livanning turli hududlarida, jumladan, mamlakat janubida va poytaxt Bayrutda bir soat davom etgan.

Agentlik xavfsizlik xizmatidagi manbalarga va voqea joyidan olingan videoyozuvlar tahliliga tayanib, ba’zi peyjerlar ovoz signali berilgandan so‘ng portlaganini, shuning uchun qurilma egalari ularni qo‘lga olgan yoki ekranni tekshirish uchun yuzlariga olib kelganini ta’kidladi.

Reuters tahlillariga ko‘ra, portlashlar nisbatan kuchsiz bo‘lib, faqat qurilma egasini yoki unga eng yaqin turgan shaxsni jarohatlagan.

Reuters`ning Livan xavfsizlik kuchlaridagi yuqori martabali manbasi va yana bir manbaning ta’kidlashicha, Isroil razvedkasi “Mossad” portlashlardan bir necha oy oldin “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan 5000 ta peyjerga portlovchi modda qo‘ygan. Agentlik suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, guruh Tayvanning Gold Apollo kompaniyasidan peyjerlarga buyurtma bergan va qurilmalar yil boshida Livanga olib kelingan. Kompaniyan o‘z bayonotida ushbu qurilmalarni ishlab chiqarmaganini va ular Tayvan ishlab chiqaruvchisining brendidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan Yevropadagi firma tomonidan ishlab chiqarilganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, “Hizbulloh” a’zolari Isroil ularning joylashuvini kuzata olmasligi uchun uyali telefonlardan voz kechib, peyjerlarga o‘tgan. Portlagan qurilmalar guruh tomonidan so‘nggi oylarda olib kelingan so‘nggi model bo‘lgan, deb xabar berdi agentlik manbalari.

“Hizbulloh” sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni Isroilga rasman yukladi va “adolatli javob” berishni va’da qildi. Isroil hozircha peyjerlarning portlashi haqidagi xabarlarga izoh bermadi.

Axios nashrining manbalarga tayanib yozishicha, operatsiya hafta boshida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, uning vazirlar mahkamasi a’zolari va maxsus xizmatlar rahbarlari ishtirokidagi xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilishlarda ma’qullangan.

Operatsiyadan xabardor bo‘lgan isroillik manbaning aytishicha, Isroil razvedka xizmatlari minalashtirilgan peyjerlardan guruhni kuchsizlantirish uchun “Hizbulloh”ga qarshi keng ko‘lamli urushda birinchi zarba sifatida foydalanishni rejalashtirgan.