Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konida 17-sentabr kuni tushdan keyin yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz berdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga hududdagi manbalar xabar berdi.

Bizga kelgan ma’lumotga ko‘ra, kamida 4 kishi vafot etgan, ammo bu rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagandi.

18-sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida esa Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev holat oqibatida 2 nafar shaxs vafot etganini bildirdi.

“Haqiqatan, kecha siz aytgan o‘sha noxush holat bo‘yicha, 2 nafar o‘lgani bo‘yicha, voqea joyiga viloyat prokurorining o‘zi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — dedi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, vafot etganlardan tashqari, jarohatlangan fuqarolar ham mavjud.

“O‘lim holati bo‘lgan. Ikki nafar shaxs o‘lgani to‘g‘risidagi holat bor. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Natijasi bo‘yicha sizlarga ma’lumot beriladi”, — dedi Bosh prokuratura xodimi.

Surxondaryo viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, bugun soat 18:00 da Boysun tumani hokimligi binosida mazkur vaziyat bo‘yicha favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev hamda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tadi (e’lon bir muddat o‘tib o‘chirib yuborildi).

Eslatib o‘tamiz, 1-sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumani Ko‘lqamish mahallasi hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-son quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi boshlangan edi.

2-sentabrga o‘tar kechasi FVV quduq yaqinidagi aholi evakuatsiya qilingani, vaziyat to‘liq nazoratga olingani, vahimaga o‘rin yo‘qligi haqida bayonot berdi. Shuningdek, prezident topshirig‘iga asosan voqea joyiga bir guruh mas’ullar, xususan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yetib bordi.

Baxtsiz hodisani bartaraf etish ishlari ikki hafta davom etdi. 15-sentabr kuni soat 16:50 da sizib chiqish to‘xtatildi. Burg‘ilash ishlarini olib borayotgan Eriell kompaniyasining ma’lum qilishicha, quduq germetiklangan va so‘ndirilgan.

Hodisadan keyin yaqin atrofdagi Kofrun qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilingan. Odamlar vodorod sulfidining kuchli hidi haqida xabar bergan va bosh og‘rig‘i va ko‘ngil aynishidan shikoyat qilgandi. Reaktiv samolyotni eslatuvchi chiqayotgan gaz ovozi bir necha kilometr uzoqlikda eshitilgan.

Eriell’ning ta’kidlashicha, “hodisa oqibatlarini bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmagan”. “Atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini o‘lchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar o‘rnatildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Loyiha texnologiyasida ta’kidlanishicha, Boysun gazni qayta ishlash majmuasining o‘ziga xosligi qazib olingan xomashyo (gaz) tarkibidagi kislotali komponentlar — vodorod sulfidi (H2S, ulushi 5,5 foiz, metan ulushi 83,85 foiz) va karbonat angidrid (CO2, ulushi 8,3 foiz), kuchli korroziy aralashmalar, ma’lum sharoitlarda po‘lat quvurlari va ular bilan aloqada bo‘lgan asbob-uskunalarga jiddiy xavf tug‘diradigan, shikastlanishi va/yoki yo‘q qilinishi atrof-muhitning ifloslanishi, mahsulot yo‘qotilishi, moddiy zarar va boshqa salbiy oqibatlarga ega.

Vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyatining yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

“Gazeta.uz” holat, hududdagi vaziyat, uning ehtimoliy yuzaga kelish sabablari, shuningdek, loyiha va uni amalga oshirishda ishtirok etgan kompaniyalar haqida batafsil yozgandi.