Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Vodiy Sanoat Faxri korxonasiga nisbatan manipulyatsiya harakatlarini sodir etganlik bo‘yicha tegishli ta’sir chorasi qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Andijon viloyati hududiy boshqarmasi monitoringida Vodiy Sanoat Faxri MCHJ 2023-yil avgust-dekabr va 2024-yil fevral oyida 56 ta holatda 2 400 tonnadan ziyod 42.5 milliard so‘mga yaqin paxta tolasi mahsulotini tasdiqlangan muddatlar va hajmlarda birja savdolariga qo‘ymagani aniqlandi. Aksincha, korxona mahsulotni Sof Tex MCHJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga asosan sotgan.

Shuningdek, ushbu mahsulotning sotish kunlaridagi va birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari taqqoslanganda, 3 ta holatda mahsulot narxlari yuqori qo‘llangani ma’lum bo‘ldi. Bunda jami 152 million so‘mga yaqin miqdorda tafovut bo‘lgan.

Bundan tashqari, klaster korxona tomonidan jami 14 ta holatda turli navli 361 tonna paxta tolasi narxlari birja kotirovka narxlariga nisbatan past qo‘llangan. Oqibatda jami 1,3 milliard so‘m yaqin farq aniqlandi.

“Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi”, — qayd etdi qo‘mita.

Maxsus komissiya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun 29-moddasi va Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari buzilishi alomatlari bilan Vodiy Sanoat Faxri MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llandi.