Germaniya O‘zbekiston Respublikasining muhim strategik, investitsiya va savdo hamkorlaridan biridir. Germaniya federal kansleri Olaf Sholsning 2024-yil 15−16-sentabr kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam aloqalarning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Tashrif doirasida 16-sentabr kuni Samarqandda ikki mamlakat rahbarlarining Germaniya va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari ishtirokida qo‘shma uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda hamkorlik munosabatlari va biznes tashabbuslarini yanada kengaytirishga qaratilgan salmoqli ikki tomonlama kelishuvlar paketi imzolandi.

Tashrifning eng muhim voqealaridan biri “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank”) va Germaniyaning AKA Bank`i banki o‘rtasida 100 million yevro miqdorida kredit liniyasini jalb qilish to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi bo‘ldi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi biznesni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etgan holda, mamlakatning turli sohalarda kichik va o‘rta biznesga qo‘shma ko‘mak ko‘rsatishni nazarda tutadi, bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga yordam beradi.

Kredit liniyasi, shuningdek, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridagi loyihalarni, masalan:

  • to‘qimachilik sanoati;
  • xizmat ko‘rsatish sohasi;
  • turizm;
  • konchilik va metallurgiya sanoati;
  • muqobil energetikani moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, ushbu kelishuv ikki mamlakat yetakchilari tomonidan qabul qilingan 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan Texnologik hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi. Mazkur dastur O‘zbekiston milliy iqtisodiyotini rivojlantirish, uning yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, investitsiya va innovatsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Imzolangan kelishuv O‘zbekistonning nafaqat Germaniya, balki Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan ham savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash, hamkorlik hamda rivojlanishning yangi istiqbollarini ochish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

AKA Bank 1952-yilda Yevropaning yetakchi banklaridan biri konsorssiumi tomonidan tashkil etilgan ixtisoslashgan moliya instituti bo‘lib, uning asosiy maqsadi — savdoni rivojlantirish va Yevropa tovarlari va xizmatlarini xalqaro bozorlarga eksport qilishni moliyalashtirishga qaratilgan.

AKA Bank moslashuvchanligi, hamkorlarga sodiqligi va loyihalarni keng sohalarda moliyalashtirishi bilan ajralib turadigan Germaniyaning yetakchi moliya institutlaridan biri hisoblanadi.

2023-yil yakuni bo‘yicha AKA Bank kapitali 314,6 million dollarni, aktivlari esa 4,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Reklama huquqlari asosida.