Slovakiya kara haydovchilarini 1200 dollardan boshlanadigan ishga taklif etmoqda, deya xabar berdi O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Hozirda mamlakatdagi ishlarga 320 nafar kara (yuklarni yuklash va tushirish uchun mo‘ljallangan transport vositasi) haydovchilaridan arizalar qabul qilinmoqda.

Oylik maosh 1200−1500 dollarni tashkil etadi. Bunda dastlabki ikki oy sinov davrida 900 dollardan beriladi. Nomzodlar 45 yoshgacha, “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi hamda rus tilini bilishi kerak.

Bundan tashqari, ulardan kara haydash imtihonidan o‘tish talab qilinadi. Turar joy, tushlik va transport xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi.

Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari uchun nomzodlar mazkur havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Batafsil ma’lumotni 71 200 86 00 telefon raqami orqali olish mumkin.