O‘zbekiston 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 2 barobarga ko‘paytirib, eksport va qo‘shilgan qiymat darajasini 3 marta oshiradi. Bu haqda 5−6-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumda bosh vazir Abdulla Aripov so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyodagi global iqlim o‘zgarishi suv tanqisligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahsulotlarni yetkazib berishda logistika zanjirining buzilishi va narxlar o‘sishiga olib kelmoqda. Bundan, eng avvalo, rivojlanayotgan davlatlar ko‘proq jabr ko‘rmoqda.

Uning BMT ma’lumotlariga tayanib aytishicha, hozir dunyoda 735 mln dan ziyod odam ochlikdan qiynalmoqda. Agar tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bu miqdor 2028-yilga borib qariyb 1 mlrd kishiga yetishi mumkin. “Ushbu tahdidlarga qarshi turish bevosita ko‘p qirrali sheriklikka, birgalikdagi sa’y-harakatlarga bog‘iqdir”, — dedi Aripov.

абдuлла арипов, oziq-ovqat, форuм

“Mamlakatlar rivojlanishida tashqi savdo aloqalari va logistikaning ahamiyati beqiyos. Dengiz yo‘li bu borada eng ravon bo‘lib, mahsulot narxi va raqobatga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan hisoblanadi. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlardan biridir. Qolaversa, buning uchun kamida ikkita davlat hududidan o‘tuvchi Osiyodagi yagona davlatdir. Biz oziq-ovqat mahsulotlari logistikasi va savdosini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz. Savdo yo‘llari ochiqligi va xavfsizligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur. Bu borada yurtimiznig Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini jadallashtirish uchun samarali tadbirlarni amalga oshiryapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Abdulla Aripovning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqatni ko‘paytirish, qishloq aholisining daromadini oshirish maqsadida so‘nggi 3 yilda 250 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilgan. Shuningdek, qo‘shimcha 5 mln tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga erishilgan.

“2017−2023-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektoriga xalqaro moliya institutlaridan 2,5 mlrd dollar investitsiya va grant mablag‘lari jalb etildi. Natijada qariyb 51 ming nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda Toshkent shahrida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining mintaqaviy vakolatxonasi tashkil etildi”, — dedi Abdulla Aripov.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda meva-sabzavot, g‘alla, go‘sht va sut yetishtirish 2017-yilga nisbatan 1,5 baravar oshgan. Qo‘shilgan qiymatni oshirish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va agrologistika bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilgan.

“Meva-sabzovot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 2 mlrd dollarga yetib, 2017-yilga nisbatan 2 barobar ko‘paydi. Eng asosiysi, qishloq hududlarida yashayotgan aholining daromadi oshib, turmush tarzi yaxshilanmoqda. Bu boradagi islohotlar natijasini xalqaro indekslarda ham ko‘rish mumkin. Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi bo‘yicha baholash reytingida O‘zbekiston 12 pog‘onaga ko‘tarildi. Bundan tashqari, 2023-yil uchun e’lon qilingan global ochlik indeksida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilab, 125 ta mamlakat ichida 21- o‘rinni egalladi”, — dedi u.

абдuлла арипов, oziq-ovqat, форuм

Foto: Bosh vazir matbuot kotibi

Ma’lumot uchun, ushbu forumning ochilish marosimida FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy, BMTning eng kam rivojlangan va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha oliy vakili Rabab Fatima, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy ham qatnashdi. Shuningdek, 30 dan ortiq davlatdan vakillar, xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor rahbarlari ishtirok etdi.