2050-yilga borib 39 milliondan ortiq odam antibiotiklarga chidamli bakteriyalar (superbakteriyalar) keltirib chiqaradigan infeksiyalardan o‘lishi mumkin, deb yozadi The Washington Post Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib. Bu antimikroblarga chidamlilik (antimicrobial resistance, AMR) tendensiyalarining birinchi global tahlili hisoblanadi.

Tadqiqot mualliflari antimikroblarga chidamlilik (antimicrobial resistance, AMR) tufayli asr o‘rtalariga kelib o‘lim darajasi qariyb 70 foizga oshishini prognoz qilmoqda. Keksa odamlar, ayniqsa, xavf ostida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, AMR tahdidi nafaqat keng tarqalgan infeksiyalarni davolashni qiyinlashtiradi, balki kimyoterapiya va kesarcha kabi tibbiy aralashuvlarni ham xavfli qiladi.

Tadqiqot doirasida olimlar 204 ta mamlakatning 1990-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlarini tahlil qilib, 2050-yilgacha bo‘lgan vaziyatni modellashtirdi. Prognozlarga ko‘ra, antimikroblarga chidamlilik tufayli o‘limning yillik soni 2021-yildagi 1,14 milliondan 2050-yilda 1,91 millionga ko‘payadi. AMR, shuningdek, yiliga bevosita 8,2 million o‘limga olib keladi.

Bundan tashqari, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 11,8 million o‘lim, ya’ni prognoz qilingan 39 million o‘limning 30 foizi Janubiy Osiyoda sodir bo‘ladi. Janubiy Afrika mintaqalarida ham AMR’dan ko‘p sonli o‘limlar kuzatiladi.

“Biz antibiotiklarning haddan tashqari ko‘p ishlatilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanishi bakteriyalarning vaqt o‘tishi bilan ularga nisbatan chidamliligi oshishiga sabab bo‘layotganini tobora ko‘proq kuzatyapmiz”, — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi va Kaliforniya universiteti professori Kevin Ikuta.

Olimlar antibiotiklardan oqilona foydalanishga, dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga va ulardan ortiqcha foydalanishni cheklashga chaqirmoqda. Tadqiqotchilar toza suv va vaksinalardan foydalanish imkoniyatini oshirish, shuningdek, yangi antibiotiklarni ishlab chiqish tarafdori.