Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Surxondaryo viloyati Boysun tumanida qayta sodir bo‘lgan avariyada halok bo‘lgan fuqarolarning oilalari pudratchi tashkilot qaramog‘iga olinishini ma’lum qildi. Bu haqda Kun.uz xabar qildi.

“Ko‘pchilik nefti-gaz sohasida xodimlar baland oylik olishini aytadi. Avval kelib xodimlar naqadar og‘ir sharoitda ishlashini ko‘rish kerak. Baxtsiz hodisa bo‘lganida kompensatsiya berish tegishli mehnat shartnomalarida ham bor”, — dedi vazir.

“Ko‘zda tutilgan kompensatsiyalardan tashqari halok bo‘lganlarning oilalari qaramog‘ini pudratchi tashkilot to‘liq o‘z bo‘yniga oldi. Bundan tashqari, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini voyaga yetkazib, o‘qitib, kompaniyada kafolatlangan ish bilan ta’minlashgacha zimmasiga olgan”, — deya ma’lum qildi Mirzamahmudov.

Eslatib o‘tamiz, Boysundagi gaz konida sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani tasdiqlangandi. Vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov holatga “konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari”ni sabab qilib ko‘rsatgandi.