Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17-sentabrdagi yig‘ilishida “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Hujjat qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, kooperativga a’zolik, nazorat, tashqi audit, boshqaruv, qayta tashkil etish va tugatish, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni tartibga solish masalalarini belgilaydi.

Shuningdek, kichik ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratish, moliyalashtirishni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash masalalari ham nazarda tutilgan.

Qonunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi kooperativi ixtiyoriy ravishda birlashgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga ulush asosida tegishli bo‘lgan va ularni demokratik tamoyillar asosida boshqaradigan, ularning moddiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi mustaqil tijorat tashkiloti hisoblanadi.

A’zolik badallari talab qilinadi. Kooperativ umumiy yig‘ilish natijalariga ko‘ra qo‘shimcha badallarni ham kiritishi mumkin.

Qonunning 45-moddasida kooperativlar nodavlat notijorat tashkilotlari shaklida kooperativlar birlashmalariga birlashishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular o‘z a’zolarining doimiy badallari, ixtiyoriy mulkiy badallar va xayriyalar, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan va ustav fondida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalaniladigan daromadlar va kooperativlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan mablag‘lar, davlat organlari va xalqaro tashkilotlarning grantlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bu normaga qarshi chiqdi. “O‘zi kooperativga a’zo bo‘ladigan 200 ta [fermer] bo‘ladigan bo‘lsa, bitta kooperativ tuzyapti, bitta tashkilot tuzyapti. U tashkilotlar yana tashkilot tuzar ekan. Unga ham a’zolik badali bor ekan… Ya’ni ertaga bu kooperativ O‘zbekistonda 100 ta bo‘ladigan bo‘lsa, yana ularning tepasidagi uyushma bo‘larkan-da, muntazam ravishda ularga pul tushirar ekanmiz. Ya’ni bu yerda yana bir yangi tuzilma paydo bo‘lar ekan… Nodavlat notijorat deb aytolmaymiz, bu professional uyushmaga o‘xshayapti”.

Qonun fermerlarga kooperativlar tashkil etishi uchun qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan, dedi spiker.

“Endi sizlar respublikada yana bitta kooperativ uyushma tuzyapsizlar-da, hammang a’zo bo‘lasan, deyapsiz. Ertaga ular Savdo-sanoat palatasiga majburiy a’zo bo‘lishi kerak. Dehqon, fermer xo‘jaliklariga ham a’zo bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Bechora fermer dehqon, fermer xo‘jaliklariga o‘zi majburiy a’zo, unga to‘laydi. Endi bu kooperatsiyaga kiradigan bo‘lsa, unga to‘lashi kerak, u kooperatsiyasi keyin kooperatsiyalar uyushmasiga to‘lashi kerak. Ya’ni muntazam tushum ham bo‘lishi kerak ekan”, — dedi Nurdinjon Ismoilov.

“Haligi adliyadan ro‘yxatdan o‘tgan ustavga aytasizlarki, har oyda shuncha yo oyda yo yilda shuncha, deysizlar. Endi undan tashqari, ixtiyoriy mulkiy badallar va xayriyalar, chunki sizlarda shunaqa katta imkoniyatlar paydo bo‘ladiki, xalqaro grantlar olasizlar, boshqalar, ha, bo‘pti, mana, foydangdan shunga buncha tashla, buni qil, buni qil, buni qil. Ya’ni bularning ustidan tayyor vazirlik tashkil qilyapsizlar-da… Endi kooperativlar uyushmalari a’zolari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar. Endi kim xizmat ko‘rsa, undan ham sizlarga „dolya“ to‘lashi kerakmi? Nima deyapsizlar o‘zi? Beshinchi qismni umuman olib tashlaylik. Nima keragi bor bizlarga?” — so‘radi spiker.

Uning fikricha, kooperativlar assotsiatsiyasini tuzish taklifi kooperativlarni rivojlantirishga emas, balki ularni “to‘xtatish”ga qaratilgan.

Nurdinjon Ismoilovning qayd etishicha, kooperativlar, agar xohlasalar, qonunda ushbu normani aks ettirmagan holda, ixtiyoriy ravishda uyushmalar tuzishlari mumkin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili xalqaro tajribaga asoslanib, ushbu normani himoya qilishga harakat qildi.

“Xalqaroni qo‘ying bizga, — deb javob berdi spiker. Kechirib qo‘yasiz, xalqaroda qishloq xo‘jaligi munosabatlari umuman boshqacha tuzilgan, og‘ayni… Endi-endi prezidentimiz yer islohoti o‘tkazib berdilar… Hozir yozganingizni qarang. Ertaga bunga a’zo bo‘lgan odam naf ko‘radimi yo faqat badal to‘lab yuradimi? O‘zi koorepativlar birlashgan narsa, og‘ayni, endi uning ustidan yana bitta tashkilot tuzyapsizlar. Sizlar himoya qiladigan qilmayapsizlar, ulardan pul yig‘adigan tashkilot qilyapsizlar”.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining yana bir vakili ushbu norma assotsiatsiya kelajakda asosan iste’molchi, kredit va qishloq xo‘jaligi turlaridan iborat milliy, mintaqaviy birlashmalarni va kooperativ federatsiyalarni kooperativlarni birlashtirgan nodavlat xalqaro tashkilot — Xalqaro kooperativ alyansga a’zo bo‘lishi uchun kiritilganini tushuntirdi.

“Bu bizning kooperativlarga mahsulotini dunyoning istalgan davlatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkonini beradi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro moliya institutlaridan arzon mablag‘lar jalb qilishga yordam beradi va grantlar jalb qilishga eshigini ochadi”, — dedi u.

Palata spikeri kooperativlar uyushmalar tuzishi mumkin, lekin qonunda belgilangan shartlarda emas, deb javob berdi.

Deputat Ilhom Abdullayev Qonunchilik palatasi Spikerining fikriga qo‘shildi.

“Biz bu kooperativlarning qandaydir tashkilotga birlashishini qonunda belgilab qo‘yib, ularning huquqlarini buzyapmiz. Faqat bugina emas, balki uning hududiy bo‘linmalari ham mavjud. Ya’ni bu sohada bunday uyushma allaqachon tuzilgan bo‘lsa, ikkinchisini yaratish mumkin emasligi ma’lum bo‘lyapti. Go‘yo biz sun’iy ravishda kooperativlar vazirligini tuzayotgandekmiz”, — dedi u.

Ma’ruzachi ushbu bo‘limni olib tashlash va kooperativlarning o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun birlashmalarga kirishi mumkinligi to‘g‘risida bitta moddani yozish zarurligini ta’kidladi, ularning tashkil etilishi NNTlarga oid qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Deputatlar qonunni darhol ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, tasdiqlash uchun Senatga yubordi.

Eslatib o‘tamiz, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, 2019-yil aprel oyidan boshlab unga a’zo bo‘lish majburiy bo‘lgan. Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev va sobiq deputat Rasul Kusherbayev bu tartib NNT va jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ekanini, a’zolik ixtiyoriy bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.