O‘zbekiston elektron hukumatlarning rivojlanish darajasi buyicha dunyo mamlakatlari reytingida 6 pog‘ona yuqoriladi. BMTning yangi so‘rovi (UN E-Government Survey, PDF) natijalari “Barqaror rivojlanish uchun raqamli transformatsiyani kuchaytirish” nomi ostida e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonning электрон hukumatning rivojlanish indeksi (E-Government Development Index, EGDI) 0,79 ni (2022-yilda — 0,72) tashkil etdi. Ushbu reyting peshqadami Daniya bo‘lib, uning ko‘rsatkichi — 0,98. Osiyo mamlakatlari orasida peshqadam Janubiy Koreya, Singapur, Saudiya Arabistoni — 0,96. Qozog‘iston esa Markaziy Osiyo mintaqasida peshqadamga aylangan — 0,90 (2022-yilda — 0,86).

EGDI uchta kichik indeksdan iborat: telekommunikatsiya infratuzilmasi indeksi, inson kapitali indeksi va onlayn xizmatlar indeksi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 0,87, 0,75 va 0,76 ni tashkil etdi.

Joriy yilgi hisobotga ko‘ra, 23 ta davlat juda yuqori EGDI guruhiga o‘tdi. Osiyodagi 10 ta: Armaniston, Ozarbayjon, Bruney Darussalom, Indoneziya, Kuvayt, Mo‘g‘uliston, Filippin, Qatar, Vetnam mamlakatlari ichida O‘zbekiston ham bor. Shuningdek, ushbu guruhga Amerikadagi 3 ta, Afrikadagi 2 ta, Yevropaning 2 ta davlati ham yuqori darajadagi EGDI guruhidan juda yuqori guruhga o‘tdi. Bundan tashqari, Afrikadagi 3 ta, Osiyodagi 2 ta, Okeaniyadagi 1 ta davlat o‘rtadan yuqori EGDI guruhiga o‘tdi.

O‘zbekistonning elektron ishtirok etish indeksi (E-Participation Index, EPI) bo‘yicha ko‘rsatkichi 0,60 ni tashkil qildi.

Past va o‘rta davromadli mamlakatlar orasida sakkizta davlatning OSI ko‘rsatkichlari juda yuqori deb baholandi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor va mamlakat ko‘rsatkichi 0,76 ni tashkil etdi. “Past va o‘rta daromadli guruh uchun o‘rtacha OSI qiymatining 8,6 foizga o‘sishi ushbu mamlakatlar onlayn xizmatlar ko‘rsatishni yaxshilash uchun resurslarni taqsimlashga ustuvor ahamiyat berayotganidan dalolat beradi”, — deyiladi hisobotda.

un e-gov survey, шерзод шерматов, elektron hukumat

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

“O‘zbekiston raqamli transformatsiya orqali davlat xizmatlari samaradorligi va shaffofligini oshirish tarafdori. 2019-yilda boshlangan „Raqamli O‘zbekiston — 2030“ strategiyasida mintaqaviy tarmoqlarni raqamlashtirish, milliy axborot tizimlarini joriy etish va raqamli texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Oxirgi tashabbuslar qatoriga Uzum va Click onlayn to‘lov platformalarini birlashtirish va yagona raqamli hamjamiyat platformasini joriy etish kiradi. Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi IT xizmatlari eksportini oshirishga qaratilgan hamda qayta ko‘rib chiqilgan qonunlar elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi BMT hisobotida.

Qayd etish kerakki, elektron hukumatning rivojlanish darajasi sharhi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti tomonidan har ikki yilda bir marta e’lon qilinadi. Bu BMTga a’zo barcha davlatlar elektron hukumatlarining rivojlanish darajasini baholaydigan yagona global hisobotdir.

17−20-sentabr kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan “ICT Week Uzbekistan 2024” tadbiri doirasida 18-sentabr kuni “Raqamli hukumat: istiqobolli rejalar va to‘qislar” forumi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatdagi o‘nga yaqin vazirlarning o‘rinbosarlari va soha mutaxassislari qatnashdi. “Gazeta.uz” muxbiriga ko‘ra, tadbirda nutq so‘zlagan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BMT indeksida O‘zbekistonning 63-o‘rinni egallagani barcha vazirliklarning yutug‘i ekanini qayd etdi.

“BMTning yangi reytingida mamlakatimiz 6 pog‘onaga ko‘tarildi. 2022-yilda esa 18 pog‘onaga ko‘tarilgan edik. Oxirgi to‘rt yil ichida 24 pog‘onaga yuqoriladik. Bu mana shu yerda o‘tirganlarning mehnati, hamma 24 soat ishlaydi, shanba, yakshanba dam olish kuni ham demaydi. Sizlarning mehnatingiz natijasi bilan davlatimiz 24 ta boshqa mamlakatga nisbatan yaxshiroq ishladi, degani. Bu, albatta, yaxshi tendensiya. Lekin oldimizga juda katta maqsad qo‘yilgan: prezidentimiz 2030-yilgacha Top-30 davlatlar qatoriga chiqarish masalasini qo‘ygan. Bu oson bo‘lmaydi, buning uchun juda ko‘p harakat qilishimiz kerak. Chunki boshqa davlatlar ham harakat qilyapti, ular ham oldinga chiqishga intiladi. Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan qanday qilib yaxshiroq harakat qilishimiz mumkin, degan masalani bugungi tadbirda ochiq-oydin muhokama qilib olsak”, — dedi Sherzod Shermatov.

“Ushbu natija „Raqamli O‘zbekiston — 2030“ strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarida 2025-yil uchun belgilangan 0,75 qiymatdan ham oshdi”, — deydi Shermatov o‘zining Telegram kanalida.