Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Havoni musaffo saqlash, ekologik hodisalarning ta’sirini kamaytirish uchun ikkita dastur ishlab chiqilgan.

Birinchisi — Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024−2030-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur. Bu hujjatda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘liq taqiqlash nazarda tutiladi (prezident 2025-yildan boshlab Ai-80 benzinidan voz kechish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi). Buning uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.

Ikkinchisi — Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi bo‘lib, unga ko‘ra, kelgusi 5 yilda poytaxt va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbog‘” va bog‘lar tashkil qilinadi.

Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda (yanvar oyida shu nom bilan komissiya tuzilgan edi). Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy etish rejalashtirilgan.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi qo‘yiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari ko‘p sanoat korxonalari ham “yashil belbog‘"lar tashkil etish majburiyatini oladi. Bu talablar prezidentning 2023-yil 23-noyabrdagi qarorida o‘z ifodasini topgan va joriy yilning 1-martidan kuchga kirishi kerak edi.

Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida faol va tashabbuskor insonlarni rag‘batlantirish uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi.

Prezident atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish taklif etilmoqda. Shuningdek, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi qarori bilan mamlakatda ekologik markirovkalash tizimi joriy etilgan. Endi ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq, mahsulot va xizmatlarni Yashil belgi nomi ostida ixtiyoriy ekologik markirovkalash joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2 ming 336 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va suv tozalash inshootlarini o‘rnatish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

Ekologiya vazirligi huzurida jamoatchilik nazorati ostida boshqariladigan va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yashil xayriya jamg‘armasi tashkil etiladi. Elektron xarid ilovalarida “Yashil to‘lov” ixtiyoriy ustama turi ochiladi. Bu jamg‘arma va to‘lov prezidentning noyabrdagi qarorida ham qayd etilgandi.