18-sentabr kuni O‘zbekistonning Fransiyadagi yangi elchisi Nodir Ganiyev mamlakat prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Fransiya yetakchisiga O‘zbekiston elchisi bilan bir qatorda yana 20 ta xorijiy mamlakatlarning elchilari o‘z ishonch yorliqlarini topshirdi. Emmanuel Makron elchilarni ushbu lavozimga kirishishlari bilan tabriklab, ularga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi diplomatik faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.

Rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda Fransiya davlat rahbari Toshkent va Parij o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar holati va istiqbolini “yuksak baholadi”.

Emmanuel Makron 2023-yil noyabr oyida Samarqandga buyurgan rasmiy tashrifini iliq taassurotlar bilan eslab, oliy darajadagi siyosiy muloqotni davom ettirish va O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Nodir Ganiyev 23-iyul kuni Parij shahriga O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida yetib kelgandi. U shu kunga qadar O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan.