Davlat soliq qo‘mitasi Inbazar savdo do‘konlari tarmog‘ida atigi bir nafar xodim rasman ish bilan band ekani haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida mazkur biznes tarmog‘i bir nafar ishchi uchun soliq to‘layotgani haqida yozgandi.

“Inbazar`dagi zo‘rovonlik sahnasi holva… Inbazar haqida yozgim kelmagandi. Bugun ma’lum bo‘ldiki, yuzlab ishchilari bo‘lgan bu tarmoqli biznes atigi bir kishi uchun soliq to‘larkan, ya’ni shtatda bir odami bor ekan. Bugun Kun.uz`da shu masalada ko‘rsatuv tasvirga olindi. Ko‘ryapsizmi, nega Jahongir Ortiqxo‘jayev nima uchun bu bolani „o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas“ deb ta’riflaganini… Buni soliq, prokuratura bilmaganmi? Allaqanday departamentlar bu jinoyatlardan bexabar bo‘lganmi? Albatta, yo‘q. Zo‘rovonlik tasvirlari aysbergning uchi, xolos, tagi… kattaroq joylarga ulanib ketadi. Chunki u „o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas“. Bechora Baxti va Salimboy o‘z kuchlariga ishonib adashgan ekan”, — deyiladi postda.

Davlat soliq qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shtatida 1 nafar xodim ko‘rsatilgan Inbazar MCHJ tadbirkorlik subyekti sifatida faoliyat yuritmaydi va hozirgi paytda ixtiyoriy tugatilish bosqichida.

Bugungi kunda Toshkent shahrida Inbazar savdo brendi ostida 3 ta (In Mag, Go Trend, KDS Sales) tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.

Taqdim etilgan soliq hisobotlariga ko‘ra, ushbu tadbirkorlik subyektlarida 44 nafar xodim rasman ish bilan ta’minlangan.

Shuningdek, Soliq organlari tomonidan 2024-yilning o‘tgan davrida Soliq mobil ilovasidagi Soliq hamkor tizimi orqali xaridorlardan kelib tushgan murojaatlar asosida mazkur tadbirkorlik subyektlarida 17 marotaba sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha jarimalar qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Inbazar kiyim do‘konida sotuvchini kaltaklagan qorovul va jarayonni videoga olgan katta menejerga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudida hukm o‘qilgandi. Sud hujjatida 13-sentabr kuni sotuvchi yigit do‘kon aravachasini pastga uloqtirib yuborgani, buni ko‘rgan qorovulning jahli chiqib, u bilan dahanaki janjallashgani, keyin esa sotuvchini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani va uning yuziga tarsaki tushirgani aytiladi. Voqeaga aralashgan katta menejer ham sotuvchini so‘kkani va holatni videoga olib, do‘konning Telegram`dagi 100 kishilik ishchi guruhiga yuborgani qayd etilgan.

Do‘kon nomi bilan ochilgan saytda uning Toshkent shahri bo‘ylab 5 ta filiali mavjudligi ko‘rsatilgan.