17 va 18-sentabr kunlari Livan bo‘ylab bir vaqtning o‘zida qator portlashlar sodir bo‘ldi — avvaliga “Hizbulloh” a’zolari foydalanadigan peyjerlar, ertasi kuni esa ratsiyalar portladi. Oqibatda kamida 30 kishi halok bo‘ldi, 3000 dan ortiq kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar oldi. Guruh hujumda Isroilni aybladi. Isroil o‘z ishtirokini tasdiqlamadi, rad etgani ham yo‘q.

The New York Times 12 nafar amaldagi va sobiq Isroil mudofaa va razvedka xodimlari bilan suhbatlashdi, ular esa hujum ortida Isroil turganini aytdi. Ular operatsiyani “murakkab va uzoq davom etgan” deb ta’rifladi.

Gazetaning yozishicha, “Hizbulloh” uzoq vaqtdan beri Isroilning murakkab texnologiyalardan foydalanilgan hujumlariga himoyasiz hisoblanadi. So‘nggi yillarda Isroil razvedkasi guruhning bir necha yuqori martabali qo‘mondonlarini yo‘l qilishga muvaffaq bo‘lgan. 2024-yil fevralida ko‘p yillar davomida aloqa uchun peyjerlarga o‘tishga intilayotgan harakat rahbari Hasan Nasrulloh “Hizbulloh” a’zolarini telefonlardan voz kechishga — ularni “ko‘mib tashlash” yoki “temir qutiga solish"ga chaqirgan. Isroil esa bu vaziyatda o‘ziga “imkoniyat ko‘rdi”, deyiladi materialda.

“Hizbulloh” peyjerlarga to‘liq o‘tishidan avvalroq Isroil razvedkasi Vengriyada B.A.C Consulting kompaniyasini yaratgan va u xalqaro peyjer ishlab chiqaruvchisi sifatida namoyon bo‘lgan. Nashr manbalariga ko‘ra, shu maqsadda yana kamida ikkita kompaniya yaratilgan. B.A.C Consulting oddiy mijozlarni ham qabul qilgan va ular uchun oddiy peyjerlar ishlab chiqargan. Ammo “haqiqatda ahamiyatli” bo‘lgan yagona mijoz “Hizbulloh” edi, deb yozdi NYT.

Nashrning Isroil razvedkasidagi suhbatdoshlari guruhning peyjerlari alohida tayyorlangani va ularda PETN portlovchisili batareyalar bo‘lganini da’vo qilmoqda. Peyjerlar Livanga 2022-yilning yozida oz miqdorda yetib kela boshlagan, biroq Nasrullohning mobil telefonlarning xavfliligi haqidagi bayonotlaridan keyin ishlab chiqarish tez sur’atlar bilan o‘sgan.

Nasrullohning telefonlar bilan bog‘liq xavotirlari Isroilning qurilmalarga masofadan buzib kirishi, mikrofon va kameralarni faollashtirishi mumkin bo‘lgan yangi josuslik dasturlari haqidagi xabarlardan kelib chiqqan. “Hizbulloh” yetakchisi nafaqat jangarilar yig‘inlariga mobil telefon olib kelishni taqiqlagan, balki ularga peyjerlarni doim o‘zi bilan olib yurishni buyurgan, deb yozadi NYT.

Gazetaning ta’kidlashicha, “Hizbulloh” uchun peyjerlar mudofaa chorasiga aylangan, ammo Isroil razvedkasi ularni “kerak vaqtda bosilishi mumkin bo‘lgan tugmalar” deb atagan.

17-sentabr kuni Isroil rahbariyati peyjerlarni faollashtirishga buyruq berdi. Qurilmalarni portlatish uchun Isroil razvedkasi peyjerlarni yoqdi va ularga “Hizbulloh"ning yuqori rahbariyatidan kelganga o‘xshash arab tilidagi xabarlar yubordi. Bir necha soniya ichida Livan “xaosga botdi”, deyiladi materialda.