Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmaganini ma’lum qildi. U bu ma’lumotni xalqaro va mahalliy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda dunyo bo‘ylab SOVID-19'ning XEC nomli yangi shtammi tarqalayotgani fonida aytdi.

“Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, SOVID-19ning XEC versiyasi „omikron“ shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsisi sifatida paydo bo‘lgan va ilk bor shu yil 15-iyunda Germaniyada aniqlangan. Hozirgacha u 27 mamlakatda ro‘yxatga olindi”, — deydi mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyo bo‘ylab “omikron” shtammining 10 ta versiyasi “aylanib yuribdi”. Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida XEC versiyasi dominant, ya’ni eng ko‘p qayd etiladigan variant bo‘lishini prognoz qilmoqda.

“Aytish joizki, bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrog‘i O‘RVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yo‘tal, ta’m va hid bilish qobiliyati qisman yo‘qolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan”, — dedi Atabekov.

Uning aytishicha, koronavirusga qarshi qo‘llanib kelinayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, XEC mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q.

Xalqaro tibbiy amaliyotda XEC shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada to‘liq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapt, deydi u.

“Hozir O‘zbekistonda XEC shtammi qayd etilgani yo‘q. O‘z navbatida, SOVID-19'ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasiga egamiz. Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzalitilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud bo‘lgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qo‘zg‘atuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng ko‘lamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi”, — dedi Nurmat Atabekov.

“Ayni kungacha jahonda SARS-CoV-2 ning salkam 40 mingta mutatsiyasi qayd etilgan. O‘tgan davrda ulardan faqat 20 ga yaqini kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas. Binobarin, endilikda koronavirus infeksiyasiga og‘ir yo‘qotishlarni keltirib chiqaradigan xavfli patologiya emas, balki O‘RVI va gripp singari mavsumiy kasalliklar singari munosabatda bo‘lish vaqti keldi”, — deya qayd etdi mutaxassis.