18-sentabr kuni kechqurun Livan janubi va Bayrutning janubiy chekkasida “Hizbulloh” qurolli guruhi foydalanadigan portativ ratsiyalar portlashni boshladi, deb xabar bermoqda CNN.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab portlashlar sodir bo‘lgan. Kamida 14 kishi halok bo‘ldi, 450 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Guvohning so‘zlariga ko‘ra, portlashlardan biri kechagi “Hizbulloh” peyjerlar portlashi oqibatida halok bo‘lganlarning dafn marosimida sodir bo‘lgan.

Reuters manbasining ta’kidlashicha, guruh ratsiyalarni besh oy oldin, peyjerlar bilan bir vaqtda sotib olgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Livandagi vaziyatdan xavotir bildirdi.

“Bosh kotib barcha manfaatdor tomonlarni vaziyat bundan-da avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maksimal darajada vazminlikka chaqiradi”, — dedi uning matbuot kotibi Stefan Yujarrik.

  • 17-sentabr kuni butun Livan bo‘ylab bir vaqtning o‘zida “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlar portladi. Kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 3000 ga yaqin kishi yaralandi.
  • Reuters xabariga ko‘ra, Isroil razvedka xizmati “Mossad” portlashlardan bir necha oy oldin “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan 5000 peyjerga portlovchi moddalar o‘rnatgan. Isroil rahbariyati operatsiyani shu hafta boshida ma’qulladi, deb yozdi Axios. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Isroilning maqsadi siyosatini o‘zgartirish uchun “Hizbulloh” saflarida paranoya va qo‘rquvni kuchaytirishdan iborat edi.