Avgust oyida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga noma’lum shaxslar ekskavator va buldozerlar bilan noqonuniy kirib, daraxt va butalarga zarar yetkazgan hamda Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni payhon qilgandi. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, ushbu hududda noqonuniy ravishda yo‘l ochilib, tuproqlar surilgan va buning oqibatida O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1 479 tup o‘simlik nobud qilingan. Shuningdek, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan.

Umumiy hisobda 1 milliard 115 million 907 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlariga olib borilmoqda, tergov ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan, deyiladi xabarda.