Soliq qo‘mitasi to‘lov topshiriqnomalarini jo‘natishdagi muammolar haqidagi xabarlarga izoh berdi.

To‘lov topshiriqnomalari — mijozning unga xizmat ko‘rsatuvchi bankka ma’lum bir summani o‘z hisobidan boshqa hisobraqamga o‘tkazish to‘g‘risidagi topshirig‘i. Bu yetkazib beruvchilar va xaridorlar, soliq rezidentlari va soliq organlari (soliqlar, yig‘imlar, jarimalar va boshqalar), ish beruvchilar va xodimlar (ish haqi, bonuslar) o‘rtasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun zarur.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyidan boshlab ayrim banklar yangi axborot tizimlariga o‘tgan va bu haqda Soliq qo‘mitasiga xabar bermagan.

Qayd etilishicha, dasturchilar banklar tomonidan qo‘llanayotgan tizimlarga o‘zgartirishlar kiritmoqda, shu sababli ba’zi to‘lov topshiriqnomalari ijrosiz qaytarilmoqda.

Masalan, shu oy boshidan buyon Tenge bank 2439 ta topshiriqnomadan 413 tasini va “Kapitalbank” 4287 ta topshiriqnomadan 740 tasini bajarmasdan qaytargan, deyiladi xabarda.

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan banklar mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va javobgarlik choralari to‘g‘risida rasman ogohlantirildi.